O‘zbek tili chaqirtikanakmi? “Dunyo bo‘ylab” nega ruslash(tiril)yapti?

Intervyu

So‘ngi haftada ijtimoiy tarmoqlarda “Dunyo bo’ylab” telekanali endi faoliyatini rus tilida olib borishi haqidagi xabarlar tarqaldi va jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Buni o‘zbek tiliga qarshi harakat deb baholovchilar ham topildi.

Qanday qilib butun boshli telekanal imi-jimida davlat tilidan boshqa tilga o‘tkazilishi mumkin? Bu qaror qachon va kim tomonidan qabul qilindi? Hozirda u yerda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarning taqdiri endi nima bo‘ladi? “QALAMPIR.UZ” jamoasi ushbu masala yuzasidan telekanal muharriri Gulsara Soatxonova bilan suhbat qurdi.

“Dunyo bo’ylab” bo‘ylab kanali muharriri Gulsara Soatxonova bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Ulug‘bek Xudoyberganov, muxbir: — “Dunyo bo’ylab” telekanali to‘liq rus tiliga o‘tkazilishi haqidagi xabarlar xodimlarga qachon va kim tomonidan yetkazildi?

Gulsara Soatxonova, “Dunyo bo’ylab” bo‘ylab kanali muharriri: — Aprel oyining ikkinchi yarmida telekanalda “Biz rus tiliga o‘tarkanmiz, agar kim rus tilida ishlolmasa ketar ekan”, degan g‘alati bir mish-mishli xabar paydo bo‘ldi. 20 aprel kuni tasvirga olish jarayonida ishlab turgan paytimda menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ishxonaga tez yetib borishim aytildi. Men uzoqda bo‘lganim uchun majlisga, ming afsuski, yetib bora olmadim. Majlisda MTRK raisi Alisher Xo‘jayev tomonidan “Dunyo bo’ylab” telekanali to‘liq rus tiliga o‘tishi, shu bilan birga 70 foiz ko‘rsatuvlar rus tilida, 30 foiz ko‘rsatuvlar esa ingliz tilida bo‘lishi aytilgan. Bunga mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, boshqa millat vakillarini “Dunyo bo’ylab”da namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar bilan keng tanishtirish vaj sifatida ko‘rsatildi. 

Men hayron qoldim. Qachondan O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarni rivojlantirishda o‘zbek tili ortiqchalik qilgan? O‘zbekiston millatlararo munosabatlarni tiklash va rivojlantirish kabi ezgu ishga qo‘l urgan ekan, nima uchun bunda o‘zbek tili ishtirok etmasligi kerak? Biz O‘zbekiston jurnalistlari, o‘zbek tilida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ham bu jarayonda ishtirok etishni bajonidil istaymiz. Afsuski, bizning o‘zbek tilidagi ko‘rsatuvlar to‘xtatildi. Bundan buyon faqat rus tilida ishlasangiz, ishingizni davom ettiring, aks holda o‘z faoliyatingizni boshqa telekanalda olib borishingiz mumkin, degan javob berildi. 

U. X.: — Hozirda telekanalda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarning necha foizi rus tilini biladi? Ularning qanchasi rus tilida ko‘rsatuv olib borish layoqatiga ega?

G. S.: — Afsuski bu borada ijobiy fikr aytolmayman. “Dunyo bo’ylab” telekanalida ochilganidan buyon faoliyat olib borayotgan jurnalistlarning aksariyati rus tilida ko‘rsatuv tayyorlay olmaydi. Yaqin bir yil ichida telekanalda rus tilida ko‘rsatuvlar tayyorlash uchun ko‘plab jurnalistlar qabul qilindi. Monitoring qilib qaraydigan bo‘lsak, so‘ngi bir yil ichida rus tilidagi loyihalar soni keskin oshib ketdi. Avvaliga biz bundan xursand bo‘lib yurdik. Lekin ko‘rib turganingizdek xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. “Dunyo bo’ylab” telekanalidan mezbon til siqib chiqarilmoqda.

U. X.: — Nima sababdan MTRK rahbariyati rus tiliga o‘tkazish uchun aynan “Dunyo bo’ylab” telekanalini tanladi? Balki bu telekanal o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘liq bajarolmaganidan darakdir. 

G. S.: — “Dunyo bo’ylab” telekanali O‘zbekiston hududida yashovchi aholini 100 foiz qamrab olgan. Bundan tashqari telekanal 40 dan ortiq mamlakatlarga sun’iy yo‘ldosh orqali efirga uzatiladi. So‘ngi vaqtlarda rus tilidagi ko‘rsatuvlar soni keskin oshgani uchun balki shu kanalni tanlashgandir. Bir narsani aytib o‘tish lozim, 2021 yilning 21 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni e’lon qilindi. Shu farmon asosida konsepsiya qabul qilindi. Ushbu konsepsiyaga ko‘ra 2020-2030 yillarda o‘zbek tilining xalqaro hamjamiyatdagi o‘rnini oshirish va o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan e’tiborni oshirish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston hududida yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘z tillarini o‘rganish barobarida o‘zbek tilini o‘rganishlari uchun ham keng imkoniyatlar yaratish borasida konsepsiya tasdiqlandi. Lekin ming afsuski aynan millatlararo munosabatlarni rivojlantirishda rus tiliga urg‘u  berilib o‘zbek tili siqib chiqarilmoqda. Bizning mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. 

Nima uchun millatlar aro munosabatlar tili deb rus tili olib chiqilyapti? Gulzor bo‘lsa, o‘zbek tili chaqir tikanakmi? O‘zbek tili qanday qilib millatlararo munosabatlarni rivojlantirishda ishtirok etmasligi mumkin? Telekanalning yangi konsepsiyasida barcha millatlararo munosabatlarni rivojlantirish yo‘llari bayon etilgan. Bularga to‘liq qo‘shilaman. Lekin bir joyda “efir tili rus tili” deb qo‘yilgan. Nima uchun rus tiliga biz millatlararo munosabatlar tili bo‘lib rivojlanishi, yanayam taraqqiy etishi uchun o‘zbek tili chetlatilishiga ruxsat berishimiz kerak? Zero, o‘zbek tilida ham barcha millat va elat vakillari aynan to‘liq gaplasha oladi, hech bo‘lmasa, tushuna oladi. Men aynan “Dunyo bo’ylab” telekanali konsepsiyasida rus tili yagona efirga chiqish tili deb ta’kidlanganini, aynan shu konsepsiyaga xiyonat va mensimaslik deb bilaman. O‘zbekistonda til siyosatini takomillashtirishga qarshi bir yo‘nalish deb bilaman.

U. X.: — “Dunyo bo’ylab” kanali to‘liq rus tilida faoliyat yuritadi, degan gaplar paydo bo‘lganidan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan siz o‘zbek tili uchun kurashganingizga guvoh bo‘ldik. Katta telekanalda ko‘plab jurnalistlar ishlaydi, lekin "maydonda" asosan sizni ko‘ryapmiz. Bu holatda sizga kanal rahbariyati va hamkasblaringizning munosabati qanday bo‘lyapti?
 
G. S.: — “Dunyo bo’ylab” kanali rahbariyati menga tazyiq o‘tkazmayapti. MTRK rahbariyati ham “siz erkin jurnalistsiz, erkin fikrlay olasiz, o‘zingizni fikrlaringizni bayon etishingiz mumkin va bu sizni fikringiz. Bu bizga yuqoridan kelgan buyruq va biz uni bajarishimiz shart. Afsuski sizning barcha harakatlaringiz natijasiz qoladi”, degan fikrni bildirishdi. Barcha hamkasblarim va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari meni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Har bir jurnalistning o‘z fikri bor. Ular ham “Dunyo bo’ylab” telekanalidan o‘zbek tilining siqib chiqarilishiga qat’iy qarshi. Lekin biz bitta odam chiqib gapirishi va qolganlar qo‘llab-quvvatlashini kelishib oldik. Men ko‘proq chiqish qilaman hamkasblarim esa o‘z ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bo‘lishadi.
 
U. X.: — Agar kanal to‘liq rus tilida faoliyatini boshlasa, rus tilida ko‘rsatuv tayyorlay olmaydigan jurnalistlarning taqdiri nima bo‘ladi? Hamkasblaringiz bilan buni muhokama qildingizmi?
 
G. S.: — MTRK tomonidan rus tiliga o‘tish masalasi bilan birga jurnalistlarga boshqa kanalga o‘tib, faoliyat olib borishimiz mumkinligi ham aytildi. Bugungi kunda ko‘pchilik jurnalistlar qaysi kanalga o‘tsam ekan, degan xayol bilan band. “Dunyo bo’ylab” kanali ikkinchi uyimiz bo‘lib qolgan. Bu juda achinarli majburiyat. Axir biz jurnalistmiz, qayerdadir faoliyat olib borishimiz kerak-ku. Ko‘pchilik o‘zbek tilida ko‘rsatuv tayyorlashni istaydi. “Dunyo bo’ylab” kanali rahbarlari tomonidan ko‘rsatuvni o‘zbek tilida yozsak, tarjimon rus tiliga o‘girib berishi va efirga bemalol rus tilida berish taklifini ham berishdi.

Lekin masala ishsiz qolish yoki och qolishda emas. Biz aynan millatlararo munosabatlarni tiklash va bu munosabatlarni rivojlantirish maydonidan o‘zbek tilini olib chiqib ketishni istamaymiz. Yana bir jihat bor. “Dunyo bo’ylab”  telekanali Turizm va madaniy meros vazirligining bosh axborot hamkori hisoblanadi. Biz telekanalni rus tiliga o‘tkazish orqali, O‘zbekistondagi turistik manzillarni o‘zbek tomoshabiniga o‘zbek tilida ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum bo‘lyapmiz. Nima uchun turizm haqidagi ko‘rsatuvlar faqat rus tilida efirga berilishi kerak?
 
Boshqa kanalda faoliyat boshlab turizm haqida ko‘rsatuv qilarmiz ham deylik, lekin bu kanalda turizm imkoniyati va yangiliklari 40 dan ortiq mamlakatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga berib boriladi. 40 dan ortiq mamlakatlarda esa albatta, O‘zbekiston fuqarolari istiqomat qiladi. Nima uchun biz xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini o‘z ona tilida, o‘z ona zaminidagi turistik maskanlar haqida ma’lumot olish imkonidan mosuvo qilishimiz kerak.

U. X.: — O‘zbekistondagi turizm manzillarini deylik, boshqa mamlakatlarga namoyish etish bu masalani bir tomoni. Yana boshqa tomondan qaraydigan bo‘lsak, nafaqat poytaxt balki, butun O‘zbekistondagi fuqarolar dunyoni mana shu “Dunyo bo’ylab” telekanali orqali ko‘rishadi, tomosha qilishadi, razm solishadi. Telekanalni rus tiliga o‘tkazish orqali O‘zbekistondagi olis manzillar, qishloqlardagi aholini mana shu imkoniyatdan mahrum etib qo‘ymaymizmi?

G. S.: — Siz juda ham to‘g‘ri va og‘riqli savolni berdingiz. Bizning tomoshabinlarimizning aksariyati poytaxtda emas, olis manzillarda, viloyatlarda yashashadi. Biz ularni yoniga borib, ko‘rsatuvlar tayyorlaymiz. Tomoshabinlarning ko‘pchiligi rus tilini bilmaydi, ma’lumotlarni o‘zbek tilida oladi. Ularning hammasi ham samolyotga chipta olib, sayohatga chiqib kelish imkoniyatiga ega emas. O‘zbek tilining “Dunyo bo’ylab” telekanalidan siqib chiqarilishi, men boshqacha atama bilan aytolmayman buni, aynan siqib chiqarilishi O‘zbekistondagi ko‘plab dunyoni bilish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun dunyoni bilishni cheklab qo‘yishi mumkin. Bu kontent rus tilida juda ham ko‘p. Aytaylik boshqa telekanallarda ma’rifiy dasturlar rus tilida efirga uzatiladi. O‘zbekistondan berilmaydigan, ya’ni xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga efirga beriladigan sayohat, ekologiya, atrof-muhit va hayvonot olami haqidagi ko‘rsatuvlarning aksariyati rus tilida efirga beriladi. Nima uchun biz o‘zbek tomoshabinlarini bu imkoniyatdan mahrum etishimiz kerak? Mana shu og‘riqli nuqta bo‘lgani uchun ham telekanalning to‘liq rus tiliga o‘tish formatiga qarshi chiqmoqdamiz.

U. X.: — Telekanal 24 soat efirga chiqadi. Efirning o‘zbek tilidagi qismini telekanal qanday qilib to‘ldirmoqchi? Hozirda faoliyat olib borayotgan va rus tilida ko‘rsatuvlar tayyorlay olmaydigan kadrlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib, ular boshqa kanalga o‘tib ketdi desak, telekanal rus tilida faoliyat olib boradigan kadrlarni qayerdan oladi?

G. S.: — O‘zbek jurnalistlari joyini bo‘shatib, boshqa telekanalga o‘tib ketganidan keyin hozirgi kunda ko‘plab rus tilida faoliyat yurita oladigan jurnalistlarni ishga jalb qilish harakati boshlangan. Ayni paytda “Dunyo bo’ylab” telekanalida rusiyzabon jurnalist kadrlar tanqisligi sezilmoqda. Bu tanqislik birinchi planga chiqqan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Barcha o‘zbek tilida ijod qiladigan jurnalistlar chetlashtirilyapti, ya’ni efirga chiqishdan mahrum bo‘lyapti.

Efir vaqtini to‘ldirish uchun yordam chaqirilyapti. Yordamchilar kim? Afsuski, MTRKda rus tilida yaxshi ko‘rsatuvlar tayyorlay oladigan mutaxassislar juda ham kam. Biz tarjimonlarni chaqirishga majbur bo‘lyapmiz. Original ko‘rsatuvni ko‘rish qayerda-yu, tarjima ko‘rsatuvni ko‘rish qayerda? Bu ikki xil munosabat. Telekanal efir vaqtini rus tilidagi filmlar bilan to‘ldirishga harakat qilyapti. Bu o‘z-o‘zidan telekanalni rusiyzabon tomoshabinlar ham ko‘rmaydigan darajaga tushirib qo‘yadi. Nima uchun dunyoda shunday qiziq voqealar sodir bo‘layotgan vaqtda tomoshabin eski kinofilmlarni ko‘rib o‘tirishi kerak? Ularni telekanalga nima jalb etadi? Hozirgi kunda efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar rusiyzabon aholini to‘laqonli jalb etish imkoniyatiga ega emas. Bu esa telekanal reytingi tushib ketishiga olib keladi.

U. X.: — Bugungacha “Oilaviy” telekanali nomi “Foreign Languages”ga o‘zgartirildi. Kanal ingliz tilida o‘z faoliyatini boshlaganiga uning xodimlari salbiy munosabat bildirmadiyu nima uchun “Dunyo bo’ylab” telekanali rus tiliga o‘tayotgani keng jamoatchilikni e’tiborini o‘ziga qaratmoqda?

G. S.: — “Foreign Languages” telekanali nafaqat ingliz balki turk, yapon kabi turli tillarda faoliyat yuritadi. Ushbu telekanalni asosiy maqsadi O‘zbekiston aholisi, yosh avlodni til o‘rganishga bo‘lgan iqtidori va qiziqishini orttirishdan iborat. Qiziqasizmi? Marhamat televizorni qo‘ying, boshqa tillardagi ko‘rsatuvlarni ko‘ring. Bu qiziqish bilan bog‘liq. Lekin bu telekanal bir tilda faoliyat yuritmaydi. Ushbu telekanalning ochilishi uchun Prezident farmoni (“Foreign Languages” xorijiy tillar teleradiokanalini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori) bor, qonuniy hujjat bor. Lekin men internet tarmog‘ida o‘tirib qonun hujjatlarini qarab chiqdim. Birorta qonun hujjatida “Dunyo bo’ylab” kanali rus tilida ochilsin”, degan gap aytilmagan. Nima uchun Prezident qarori bilan tashkil etilgan telekanal Prezident qarori bilan rus tiliga o‘tishi kerak emas. Agar Prezident shunday qarorni qabul qilganida biz ortiqcha muammolarni chiqarmagan bo‘lardik. Chunki bu haqiqatda davlat siyosatidan kelib chiqqan qaror. Lekin men aytib o‘tganimdek ayni paytda MTRK raisi tomonidan e’lon qilingan buyruq va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan dasturda ham til ko‘rsatilmagan. Faqatgina konsepsiyaning bir bobida “efir tili – rus tili” deb yozib qo‘yilibdi. Menim-cha telekanalni rus tiliga o‘tkazish uchun, o‘zbek tilini siqib chiqarishga bo‘layotgan qarshilikka munosabat bildirib o‘tirmasdan, konsepsiyani o‘zini o‘zgartirish yetarli deb o‘ylayman. 

Yana bir savol tug‘iladi. “Dunyo bo’ylab” telekanali konsepsiyasi o‘zgaribdi, unga rus tilida efirga ketadigan kanal sifatida qaray boshlanildi. Unda nima uchun hamon kanal nomi o‘zbek tilida? Deylik siz kitob sotib oldingiz, o‘zbek tilidagi muqovaga ega kitobdan siz ruscha matn qidirgan bo‘larmidingiz? Hozir televizorni qo‘yganimizda telekanallarning ro‘yxati chiqadi. U yerda “Dunyo bo’ylab” telekanali nomi ham bor. Nima uchun xorijiy mamlakatlarda yashayotgan mamlakatimiz fuqarolari “Dunyo bo’ylab” telekanaliga qo‘yib, rus tilidagi ko‘rsatuvlar kutishi kerak. Nima uchun? Agar telekanal tili rus tiliga o‘zgartirilganida, uning nomi ham o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Lekin nomini o‘zgartirish uchun Prezident farmoni yoki Prezident qarori kerak bo‘ladi. Mana shu o‘zaro uyg‘unlashmagan fikrlar bizning qarshiligimizga sabab bo‘lmoqda.

U. X.: — Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizga tez kunda MTRK raisi Alisher Xo‘jayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tishi haqida yozgansiz. U majlisda rais nima deyishini bilmaymiz, siz u uchrashuvda Alisher Xo‘jayevga nimalar deyishni rejalashtirgansiz?

G. S.: — Gap shundaki, ushbu majlis uyushtirilishidan oldin men shaxsan MTRK raisi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. Ular o‘zlari meni xonalariga taklif etdilar va qarshiligimni sababini so‘radilar. Qizig‘i, Alisher Xo‘jayev mening fikrlarimni juda ham samimiy qabul qildirlar. Kutilmaganda menga vazmin munosabat bildirildi. Men ulardan telekanal faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini so‘rab qoldim. “Yuqoridan kelgan topshiriqni bajaryapmiz”, degan fikrni menga bildirganlarida yuqori tashkilotlarga “Dunyo bo’ylab” telekanali xodimi emas, o‘zbekning bolasi sifatida murojaat qilyotganimizni yetkazib qo‘yishlarini so‘radim. Bunga hozircha javob bo‘lgani yo‘q, o‘ylaymanki ushbu masala ijobiy hal etiladi. Men shu "yuqoridan" kelgan topshiriq degan rahbarlarga iltimos qilaman. Biz shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda chiqyapmiz, shuning uchun iltimos qilyapmiz. Bizning murojaatimizni aynan shu telekanalni rus tilidagi formatga o‘tkazish borasida o‘z fikrlarini bildirgan, o‘z taklifini bildirgan insonlarga yetkazishingizni yana qaytadan iltimos qilib qolamiz.

“Dunyo bo’ylab” bo‘ylab kanali muharriri Gulsara Soatxonova bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Ulug‘bek Xudoyberganov (Ulug‘bek Toshkandiy) tayyorladi
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

rus tili MTRK Dunyo bo'ylab

Baholaganlar

230

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing