O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha jahon chempionati AQSHda o‘tkaziladi

Sport

image

Belbog‘li kurash bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashington shahrida o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G‘aniyev, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov yetakchiligidagi mutaxassislar Vashington shahridagi BOWIE universiteti sport menejeri, professor Adam Kaya, Atletik-talaba departamenti direktori V.Rene Xovard bilan uchrashib, belbog‘li kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini mazkur universitet sport majmuasida o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borgan.

O‘zbekistonlik mutasaddilar BOWIE universitetida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgan hamda joriy yilning dekabr oyida o‘tadigan jahon chempionati va uning doirasidagi tadbirlar, belbog‘li kurashni AQSHda rivojlantirish istiqbollari xususida universitet mutaxassislari bilan fikr almashgan.

BOWIE universiteti sport menejeri, professor Adam Kaya o‘z navbatida O‘zbekistonda milliy va umum qadriyatlarga asoslangan sport turlari rivojiga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidlab, belbog‘li kurash bo‘yicha AQSHda tashkil etiladigan jahon chempionati hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lishini bildirgan. 

Muloqot yakunida O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi vakillari BOWIE universiteti rahbariyati va sport mutaxassislarini joriy yilning sentyabr oyida Xorazmda o‘tadigan xalqaro Etnosport festivaliga taklif etgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh jahon chempionati belbog'li kurash milliy kurash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing