O‘zbek-qirg‘iz chegara punktlari soni ko‘paytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari soni 15 tadan 30 tagacha oshiriladi. Bu haqda bugun, 30 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘ldagi “Ruh-Ordo” madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi.

Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazish punktlari tarmog‘ining kengaytirilishi fuqarolarning harakatlanishini yengillashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi. 

“O‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 tagacha oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Endi odamlar bir-birlarinikiga emin-erkin borib-kelishlari, biznes yuritishlari, ta’lim olishlari va dam olishlari mumkin”, deydi Sadir Japarov.

U, shuningdek, O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari o‘z tarixidagi eng yaxshi davrlardan birini boshdan kechirayotganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib oldi. Shuningdek, Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari ham o‘tkazildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuksak mukofotni O‘zbekiston rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing