“UZAUTOMOTORS” niyatiga yetdi. Narx masalasidagi sud muhokamasi yopiq o‘tkaziladi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2020
23057Bugun, 16 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma’muriy sudida “UZAUTOMOTORS” AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid joriy yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu ma’muriy ish sudya G‘.Davlatov raisligida ko‘rilmoqda.
Bugun sud o‘z ishini ochiq sud majlisida davom ettirib, dastlab arizachi “UZAUTOMOTORS” AJ vakili tomonidan fikr bildirilgan. Ya’ni jamiyatda o‘tkazilgan tekshirishga asos bo‘lgan ma’lumotnomani shakllantirishda narxlar noto‘g‘ri kiritilgani, ya’ni misol uchun Ravon rusumli avtomobilning boshqa davlatlardagi savdo majmualarida 2015-2016 yillardagi narxlari internet tarmog‘idan asos sifatida olingani hamda MQKQ huzurida 3 ta Maxsus komissiya faoliyat ko‘rsatsa-da ushbu masala faoliyat doirasiga kirmaydigan Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgani bildirilgan.
Ushbu holatga javoban MQKQ vakillari tomonidan o‘z e’tirozlarini bildirib, avtomashinalarning narxi haqiqatdan ham internet tarmoqlari orqali olingani, shuningdek, hozirgi kundagi narxlar ham o‘rganilgani, bugungi kunda ham mazkur narxlarni solishtirib ko‘rish mumkinligi ma’lum qilingan.
MQKQda haqiqatan ham 3 ta Maxsus komissiya mavjudligi va amaldagi Nizom talabiga binoan o‘z faoliyatini boshlagan komissiya boshqa komissiya faoliyatiga bog‘liq masala ko‘rilganida ham ushbu ishni ko‘rishni boshlagan Komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilanganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, taraflar tomonidan ariza yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirganidan so‘ng, sud “UZAUTOMOTORS” aksiyadorlik jamiyati tomonidan keltirilgan, ya’ni jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tan narxi shakllantirilishi metodikasini yopiq sud majlisida o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomani muhokamasiga o‘tdi.
Mazkur iltimosnoma taraflar o‘rtasida muhokama qilinganidan so‘ng, sud maslahatxonadan chiqib, sud ajrimini o‘qib eshittirdi.
Ushbu ajrimga ko‘ra, sud majlisining MQKQ tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda jamiyatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tan narxi yuqori baholanganligi to‘g‘risida ko‘rsatilgan holatlarni muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkazish belgilandi.
Yopiq sud majlisida sud muhokamasi o‘rnatilgan tartibda davom etdi va taraflarning barcha vajlari tinglandi.
Navbatdagi sud majlisi joriy yilning 23 oktyabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi joriy yilning 19 avgust kuni ko‘rib chiqildi. Ish oxirida komissiya “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so‘mgacha tushirishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi