“UZAUTOMOTORS” MQKQni jurnalistlarga bosim o‘tkazishda aybladi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, “UZAUTOMOTORS” AJ va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasida sud davom etmoqda.  “UZAUTOMOTORS” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini sud jarayonini yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillariga bosim o‘tkazishda aybladi. Bu haqda kompaniyaning saytida rasmiy bayonot berildi. 

“Kompaniya ayrim amaldorlarning jurnalistlarga nisbatan senzura va cheklovlardek xato amaliyotga intilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi deb hisoblaydi”, deb boshlanadi bayonot. 

“UZAUTOMOTORS” AJ yuridik boshqarmasi direktori Rustam Shaymardonov shunday dedi:

“Toshkent shahar ma’muriy sudida ko‘rilayotgan ishning so‘nggi sud majlisidan keyin, sudda javobgar sifatida ishtirok etayotgan tomon ommaviy chiqish qilib, “UZAUTOMOTORS”ni go‘yoki biz “buzayotgan axloq me’yorlari”ga rioya etishga chaqirdilar. Qarangki, kompaniyaning MQKQga nisbatan da’vosi yuzasidan borayotgan ishni to‘liq va shaffof yoritishga bo‘lgan tabiiy intilishimiz javobgar tomonda xavotirni uyg‘otayotgan ekan. Yana shu darajada ekanki, ular ochiq-oydin “qo‘mitaga nisbatan da’volarimizga tegishli barcha narsani faqatgina sud muhokamasi doirasida gapirish va sharhlashimiz” kerakligiga ishora qilishgan. Mohiyatan, bu biz uchun ochiq bahs-munozara, shuningdek xolis raqamlar va faktlarni ommaga e’lon qilish hammaga ham yoqavermasligi haqida birinchi signal bo‘ldi.

Afsuski, ish qo‘mitaning ommaviy axborot vositalari bilan muloqotni qisqartirishga chaqirig‘i bilan tugab qo‘ya qolmadi. Ishonchli manbalardan bizga ma’lum bo‘lishicha, dushanba kuni MQKQ rasmiy vakillari bizning da’voimiz yuzasidan 16 oktyabr kuni o‘tgan uchinchi sud majlisi borishini yoritgan OAVga bosim o‘tkazishga urinib ko‘rganlar.

Qator holatlarda bu urinishlar muvaffaqiyatli bo‘lgan: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmatining qat’iy talabidan keyin ayrim OAV xolis ma’lumotlart aks etgan maqolalarni o‘z saytlaridan o‘chirib tashlagan, boshqalari e’lon qilingan matnlardan MQKQni qoniqtirmaydigan qismlarini olib tashlab, o‘zgartirishlar kiritgan. Mazkur sud ishidagi opponentlarimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasining qo‘pol buzilishi faktidan qutilishga urinishlarining oldini olish uchun, biz maqolalar aslining skrinshotlariga ham, shuningdek, matbuotga bosimning boshqa isbotlariga ham ega ekanligimizni aytib qo‘ymoqchiman.

Hozir gap hatto, “UZAUTOMOTORS”ning sudda ko‘rilayotgan MQKQga qarshi ishida kim haqligida ham emas. MQKQ vakillarining o‘zlari bu jarayon sud zalidan tashqariga chiqib ketishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Biroq, o‘tmishga qaytib, so‘z erkinligi fundamental qadriyatiga daxl qilish avval-boshdan muvaffaqiyatsizlikka mahkum va biz bunday voqealar kelgusida qaytarilmasligiga umid qilamiz. Bu har tomonlama juda ko‘ngilsiz ish, ayniqsa, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi OAV uchun reklama joylashtirish masalasida tartibga soluvchi davlat organi ekanligini yodga olsak, kimlardir bunda qandaydir bosim ko‘rsatish yo‘llaridan foydalanishni ko‘rishi mumkin.

Mamlakatimizda “UZAUTOMOTORS”chalik OAV tomonidan tanqidga uchragan kompaniyalar kam, desam hech kim ajablanmaydi, holbuki ko‘p hollarda bu unchalik ham konstruktiv tanqid bo‘lmagan. Biroq, biror marta ham bu biz tomonimizdan o‘zimizga yoqmaydigan maqola yoki uning bir qismini o‘chirib tashlashga urinish uchun bahona bo‘lmagan. Mass-media bilan muloqotning madaniy vositalari bor, ular sharh yoki raddiya berishni ko‘zda tutadi va matbuot xizmatimiz aynan shu uslublardan foydalanadi. Biz Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini ham – tabiiyki, bizning so‘zlarimizni rad etishga dalillari bo‘lsa – jurnalistlar bilan shu tarzda muloqot qilishga chaqiramiz.

Masalaga uzil-kesil oydinlik kiritish uchun esa, MQKQning shanba kunidagi murojaatiga shunday javob beraman: davlat organlarining ichki o‘zaro aloqasi kabi to‘qima axloq me’yorlarining hech qaysisi biz uchun jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqotdan ustun bo‘la olmaydi. “Qo‘l sinsa, yeng ichida” qolishiga chaqiriqlar va iste’molchilarimizni xabardor qilish o‘rtasidagi tanlovda biz doim keyingisini tanlaymiz. Meni aniq tushunishlarini istardim: OAV erkinligi biz uchun hatto u kompaniyamizga qarshi turganda ham mutlaq qadriyat sanaladi, zero bu, kamida, voqelik bilan aloqani yo‘qotib qo‘ymaslik va yaxshi tomonga o‘zgarishning yagona yo‘lidir. Biz opponentlarimizga ham bu yondashuvimizdan foydalanishni chin dildan tavsiya qilamiz”.

Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi joriy yilning 19 avgust kuni ko‘rib chiqildi. Ish oxirida komissiya “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so‘mgacha tushirishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Ushbu qaror yuzasidan “UZAUTOMOTORS” sudga murojaat qildi. Ayni vaqtda sud davom etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi UZAUTOMOTORS

Baholaganlar

186

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing