Mashinalarga “rastamojka”ni pasaytirish kerakmi? – So‘z Umurzoqovga

Jamiyat

image

O‘zbekistonda xorijdan avtomobillar olib kirish uchun o‘rnatilgan bojlar masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda bugun, 21 dekabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “Toshkent yoshlar forumi –2021” dagi ishtiroki vaqtida ma’lum qildi.

QALAMPIR.UZ muxbiri Forum doirasida o‘tkazilgan “Investitsion muhitda yoshlarning faolligini oshirish” mavzusida taklif va taqdimotlar tadbirida Bosh vazir o‘rinbosariga milliy ishlab chiqaruvchi – “UzAutoMotors” aholi talabini qondira olmay, fevralgacha eng ommabop mashinalarni sotishni, ya’ni ular uchun yangi shartnomalar tuzishni to‘xtatgan bir vaziyatda xorijdan mashina olib kirish uchun bojlarni pasaytirish kerak emasmi, degan savol bilan yuzlandi.

“Bojlarning masalasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasi bor. Bizda “regional” iqtisodiy savdo tashkilotlari bilan aloqa, hamkorlik, integratsiya  qilish jarayonlari ketmoqda. Shularning doirasida hamma narsa ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, yana bitta choramiz bor: bir emas, bir nechta avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z ishini boshlamoqda. Albatta, buning ham o‘ziga yarasha ijobiy ta’siri bo‘ladi. Lekin umuman olganda, men to‘laqonli sizning aytmoqchi bo‘lgan gapingizga qo‘shilaman. O‘zbekistonda monopoliya bo‘lishi kerak emas”, deb javob berdi Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 dekabr kuni “UzAutoMotors” AJ aholi orasida ommalashgan Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti rusumli avtomobillar uchun yangi shartnomalar tuzishni to‘xtatdi. Kompaniya 2022 yilning fevral oyigacha mavjud shartnomalar bo‘yicha buyurtmalarni yetkazib berishini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobillar “UzAutoMotors” Umurzoqov.

Baholaganlar

775

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing