UzAutoMotors deputat Kusherboyev ustidan shikoyat qildi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda o‘zaro bahslashayotgan UzAutoMotors AJ va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev munozarasida burilish yuz berdi.

UzAutoMotors O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasiga deputat Rasul Kusherboyev ustidan shikoyat xati yubordi. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

“Shikoyatda iddao etilishicha Kusherboyev kompaniya va uning faoliyati haqida asossiz fikrlar bildirish orqali UzAutoMotors`ning “ishchanlik obro‘siga” putur yetkazganmish (yo‘q obro‘ga qanday putur yetkazish mumkin hayronman)”, deydi G‘aniyev.

Kecha, 10 avgust kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy fraksiyasi yig‘ilishida ushbu shikoyat xati ko‘rib chiqilgan. Unda fraksiyaning barcha deputatlari bir ovozdan Kusherboyevni qo‘llab-quvvatlashgan. 

“Zero, “UzAutoMotors” AJ haqida Kusherbayevning bildirilgan fikrlari qanchalik haqiqatga yaqinligini unga bulgan xalqning munosabati ko‘rsatib turibdi”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Deputat G‘aniyev monopol avtomobilsoz kompaniya yillar davomida davlatning hisobiga yashagani, odamlarni kamsitgani yetmaganidek, endi botgan botqog‘idan chiqishni istamasligini qoralagan.

“UzAutoMotors AJ esa yillar davomida davlatning o‘nlab trillion so‘mlik imtiyoz va prefensiyalaridan foydalangani, iste’molchilar huquqlarini doimiy kamsitib kelgani yetmaganidek, endi unga nisbatan xalqning, deputatlarning, jamoatchilikning tanqidlarini rad etib, o‘zi tushib olgan ko‘lmakdan chiqishni istamasligi bu kompaniyaning qanchalar yuzsiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi”, deya holatni izohlagan deputat.

Ma’lumki, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAutoMotors`ga nisbatan tekshiruv boshlagan. G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, shu ish doirasidagi muhokamalar davomida kompaniyaning qing‘irliklari fosh bo‘lgan.

“Qolaversa, bir necha kun avval Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining UzAutoMotors AJ faoliyatiga oid tekshiruvi natijalari bo‘yicha maxsus komissiyasi muhokama yig‘ilishida kompaniyaning bir qancha kirdikorlari oshkor bo‘lgan edi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yakuniga ko‘ra kompaniya 2020 yilda avtomobil tannarxlarini shakllantirishda jami 1,1 trln so‘mdan ko‘proq asossiz xarajatlar hisoblanganligi tekshiruv davomida aniqlangan. Bu esa o‘rtacha hisoblaganda har bir avtomobil tannarxi kamida 4-5 mln so‘mgacha asossiz oshirilganini anglatadi”, deydi Doniyor G‘aniyev narxlardagi nohaqliklarga e’tibor qaratib.

Shundan so‘ng, deputat UzAutoMotors AJ Kusherboyev ustidan shikoyat qilib, gapni aylantirguncha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan aniqlangan 1,1 trln.so‘m bo‘yicha aniq faktlar asosida hisob bersa yaxshi bo‘larmidi, deya savolga tutgan.

“Kusherboyev ham deputat, ham fuqaro sifatida o‘zining konstitutsiyaviy huqularidan foydalangan holda o‘z fikrini bildirdi. UzAutoMotors AJ esa uning bu huquqlaridan foydalanganligini qoralamoqda. Bu esa muhtaram prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan siyosiy o‘zgarishlar, xususan  mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, kuchli demokratik davlat qurish yo‘lidagi islohotlarga ziddir”, deb deputat UzAutoMotors`ning harakatlarini qoralagan.

So‘zi yakunida esa u ham UzAutoMotors`dan aytganlari uchun uzr ham so‘ragan:

"PS: Agar bu gaplarim bilan men ham UzAutoMotors`ning “obro‘siga putur yetkazib, ularning paxtadek yumshoq ko‘ngliga ozor bergan bo‘lsam”, iltimos ovora bo‘lib shikoyat yuborib yurishmasin. O‘zim oldindan uzr so‘rab qo‘ya qolaman".

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining UzAutoMotors AJning narx belgilashi bo‘yicha boshlangan tekshiruvlarda kompaniya xatti-harakatlarida qonunbuzilish alomatlari aniqlangani haqida xabar bergandi.

Buning ortidan kompaniya deputatni populizmda ayblab, uning aytganlarini yolg‘on va safsataga tenglashtirdi


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev UzAutoMotors

Baholaganlar

1002

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing