“UzAutoMotors” AJ shikoyati bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi

Jamiyat

image

Bugun, 9 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma’muriy sudida “UzAutoMotors” AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.

Ushbu ma’muriy ish sudya G‘. Davlatov raisligida ko‘rilmoqda.

Bugungi sud majlisida dastlabki so‘z navbati arizachi vakiliga berildi. Unda “UzAutoMotors” AJ vakili o‘z vajida javobgar o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra maxsus komissiyasi tomonidan ishni ko‘rishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagan. Jumladan komissiya yig‘ilishi 3, 7 avgust kunlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, mazkur yig‘ilish bayonnomalari yuritilmagani, faqatgina komissiyaning 19 avgust, ya’ni qaror qabul qilingan kundagi yig‘ilish bayonnomasi mavjudligi, maxsus komissiyaga yig‘ilishni o‘tkazishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritilgan bo‘lsa-da, Nizomning 18-bandi talabi buzilib, ish “UzAutoMotors” AJ vakili ishtirokisiz ko‘rilib, jamiyatga yozma fikr va dalillarni taqdim etish huquqi cheklangani, shuningdek jamiyatda o‘tkazilgan tekshirish dalolatnomasida ko‘rsatilmagan holatlar komissiya yig‘ilishida muhokama qilingani, komissiya a’zolari tarkibida MQKQ raisi N.Sharipov bo‘lmasa-da, yig‘ilishda ishtirok etgani, tekshirish davomida avtomobillarning tan narxi asossiz oshirilgan degan nomaqbul dalillar keltirilganini bildirib, tekshirishda aniqlangan kamchiliklarni inkor etuvchi hujjatlar taqdim etilgan.

Shuningdek, arizachi vakili tomonidan sudga iltimosnoma kiritilib, jamiyatda o‘tkazilgan tekshirishga asos bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish so‘raldi.

Ushbu iltimosnomani qanoatlantirish to‘g‘risida sud o‘z o‘rnida ajrim qildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakillarining arizachi talablariga nisbatan keltirilgan vajlari tinglangan.

Barcha taraflarning fikri tinglanganidan so‘ng, arizachi “UzAutoMotors” AJ vakili tomonidan dastlabki sud majlisida kiritgan iltimosnomani muhokama qilishni, ya’ni jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning tan narxi shakllantirilishida maxfiy hujjatlarga asoslanilganligi, MQKQ tomonidan esa ushbu hujjatlar tegishli tartibda o‘rganilmasdan qaror qabul qilinganligini, shu sababli o‘tkazilgan tekshirish va qabul qilingan qarorga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirishlari lozimligini ma’lum qilib, sudga “maxfiy” grifi ostidagi hujjatlarni taqdim etib, sud majlisini mazkur muhokama qismini yopiq tarzda o‘tkazish so‘ralgan. 

Ushbu iltimosnomani muhokama qilish va sud muhokamasiga taqdim etilgan qo‘shimcha dalillarni o‘rganish uchun ishni ko‘rish keyinga qoldirildi.

Navbatdagi sud majlisi joriy yilning 16 oktyabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi joriy yilning 19 avgust kuni ko‘rib chiqildi. Ish oxirida komissiya “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so‘mgacha tushirishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

UzAutoMotors

Baholaganlar

742

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing