Uyidan ajraganlarga 2,5 oy ichida yangi uylar qurib beramiz – Prezident
Jamiyat
−
05 Sentabr 2022
9965Favqulodda holat joriy qilingan Qo‘stanay viloyatiga yetib borgan Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tezkor shtab yig‘ilishidan so‘ng, Amankarag‘ay qishlog‘ining o‘rmon yong‘inidan zarar ko‘rgan hududlarini ko‘zdan kechirdi.
So‘ng Prezident Auliyekol qishlog‘idagi maktab joylashtirilgan fuqarolar bilan uchrashdi, insonparvarlik yordami tarqatish punkti faoliyati bilan tanishdi.
Jabrlanganlar bilan suhbatda Qosim-Jomart To‘qayev hukumat og‘ir vaziyatdan chiqish uchun barcha choralarni ko‘rishini aytdi.
“Afsuski, katta yong‘in sodir bo‘ldi. Biroq, yordam ko‘rsatiladi. Bilaman, siz uylaringizdan ayrilgansiz. Hukumat ikki-ikki yarim oy ichida sizlar uchun yangi uylar qurib beradi va ular oldingisidan ancha yaxshi bo‘ladi”, deydi Prezident.
U yong‘inlarni o‘chirishda ishtirok etayotgan ko‘ngillilar bilan ham suhbat o‘tkazib, ularga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 5 sentyabr kuni o‘rmon yong‘inlari ichida qolgan Qo‘stanay viloyatiga yetib keldi. Davlat rahbari tezkor shtabga borib, Auliyekol tumanida yong‘inlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishgan.
Qozog‘istondagi yong‘in
Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyati 2 sentyabrdan buyon alangan qurshovida. Auliyekol tumanida chiqqan o‘rmon yong‘inlarining geografiyasi kun o‘tgan sayin kengaymoqda. Mamlakat favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 5 sentyabr holatiga ko‘ra, yong‘inlar maydoni 43 ming gektargacha kengaygan, o‘rmon xo‘jaligining umumiy maydoni esa 107,3 ming gektarni tashkil etgan.
Yong‘in oqibatida bir qancha qishloqlarda 108 ta bino vayron bo‘lgan va zarar ko‘rgan. 1841 kishi evakuatsiya qilingan. Jarohatlanganlar, kuygan va zaharlanganlar 10 kishiga yetdi. 1935 yilda tug‘ilgan erkak vafot etgan. Mintaqada mahalliy miqyosda favqulodda holat e’lon qilingan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 5 ta hududda (Amankaragay, Lesnoye, Ozernoye, Baganali va Kalinino qishlog‘i yaqinida) o‘rmon zonasida yong‘in o‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Evakuatsiya qilinganlar mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan Auliyekol o‘rta maktabi va Auliyekol maktab-internatiga joylashtirish, oziq-ovqat bilan ta’minlash tashkil etildi, 66 nafar fuqaro evakuatsiya punktlarida qolmoqda. Qolganlar o‘z uylariga qaytgan yoki qarindoshlarinikiga joylashgan.
LiveBarchasi