Uy qamog‘idagi shaxslar elektron braslet orqali nazorat qilinadi
Jamiyat
−
07 avgust
3304O‘zbekistonda ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llaniladi. Bu haqda bugun, 7 avgust kuni Prezident tomonidan imzolangan “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonunda keltirilgan.
Qonunga ko‘ra, shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotganligi to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida qo‘llaniladi.
Qayd etilishicha, probatsiya nazoratidagi shaxslarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish ularda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini va jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi. Probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori belgilangan mezonlar asosida har 3 oyda baholanadi va ularning ijtimoiy-psixologik qiyofalarida aks ettiriladi.
Vazirlar Mahkamasi probatsiyani amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining probatsiya xizmati esa probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatli organdir.
Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi sub’ektlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- mehnat organlari;
- davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari;
- ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari;
- Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari.
Shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi yoki qarori, shuningdek amnistiya akti yoxud afv etish asos bo‘ladi. elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs oyog‘ining boldir qismiga taqiladi. Uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning oyog‘iga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja ko‘rsatilgan holatda) elektron brasletni qo‘lning bilak qismiga taqishga ruxsat beriladi.
Ayol jinsidagi shaxsga elektron braslet shu jinsdagi xodim (ichki ishlar organi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori) tomonidan taqiladi. Homilador ayol, ushbu Nizomning ilovasida nazarda tutilgan kasallikka chalingan yoki jismoniy nuqsoni bo‘lgan shaxsga elektron braslet taqilmaydi. Uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs uy qamog‘i ehtiyot chorasini yoki ozodlikni cheklash jazosini ijro etish jarayonida elektron brasletni oyog‘idan (yoki qo‘lidan) yechmaydi va doimiy ishchi holatda bo‘lishini ta’minlaydi.
Elektron brasletning vizual signali ishga tushgan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi profilaktika inspektori bilan birgalikda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning elektron brasletni yechishga, unga shikast yetkazishga yoki qochishga bo‘lgan urinishlarini bartaraf etish (to‘xtatish, chek qo‘yish, nazoratni kuchaytirish), uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs qochgan taqdirda, uni ta’qib qilish va ushlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.
Elektron brasletning vizual signali ishga tushish sabablariga aniqlik kiritish jarayonida uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning qochganligi tasdiqlangan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi zudlik bilan ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuch va vositalarini jalb qilib, qochgan shaxsga taqilgan elektron brasletdan uzatilayotgan GPS signaliga muvofiq ularni tegishli hududga yo‘naltiradi. Mazkur harakatlar qochgan shaxsning ushlanguniga qadar davom etadi.
LiveBarchasi