Uy qamog‘idagi shaxslar uchun elektron braslet qachondan joriy etilishi aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 dekabrdagi qarorida keltirilgan.

Unga ko‘ra, Kriminologiya tadqiqot institutida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi asosida amaliy ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirilib, loyiha natijasida elektron braslet yaratilgan va uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan. Respublikaning 14 ta hududida (ichki ishlar organlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya xizmatlarida) sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga joriy etishga tayyor holatga keltirilgan.

Qaror bilan Uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs oyog‘ining boldir qismiga taqiladi. Shaxs oyog‘ining boldir qismiga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja ko‘rsatilgan va boshqalar) qo‘l qismiga taqilishiga ruxsat etiladi.

Ayollarga elektron braslet ayol xodim (ichki ishlar organi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori) tomonidan taqiladi hamda yechib olinadi.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan quyidagi shaxslarga elektron braslet qo‘llash mumkin emas:

  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
  • homilador ayollar;
  • 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
  • birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaxslar (implant qilingan kardiostimulyator o‘rnatilgan shaxslar, yuqumli teri kasalligi (allergo kontakt dermatit, teri zamburug‘i yoki qichima kasalligi) bo‘lgan shaxslar).

Ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotgan yoki jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) ichki ishlar organi probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida elektron braslet taqiladi.

Elektron brasletning elektr quvvati tugagani, uni taqib yurgan shaxs elektron brasletni yechgani yoki elektron brasletning texnik topshirig‘ida belgilangan radius oralig‘idan tashqariga chiqqani haqidagi onlayn xabar kelib tushganda, darhol ijrochi xodimlarni bu haqda xabardor etadi va ushbu xabarni “Elektron braslet” axborot tizimida qayd etadi.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs ehtiyot chorasi yoki jazoni ijro etish joyini tark etib, qochgan hollarda tuman (shahar) ichki ishlar organi xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda uni ushlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 avgust kuni O‘zbekistonda ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llanilishi to‘g‘risida Prezident tomonidan “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonun imzolangandi.


Maqola muallifi

Teglar

uy qamog'i elektron braslet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing