Nashid tarqatgani uchun qamalgan Ulug‘murodov uy qamog‘iga chiqarildimi?

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida nashid tarqatgani uchun 3 yilga qamalgan Jahongir Ulug‘murodovning uy qamog‘iga chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida ayblanuvchining advokati va otasi bilan bog‘landi. 

Advokat Abdumalik Abdullayevning ma’lum qilishicha, uy qamog‘iga chiqishi va jazoning yengillashtirilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 

“Apellyatsiya muddati borligi sababli hozirda sud hukmining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi jinoyat ishi hujjatlari bilan birga o‘rganilmoqda. Jahongir Ulug‘murodovning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yaqinlari tomonidan 4 nafar advokat yollangan”, deydi u.

Shuningdek, Ulug‘murodovning otasi ham uy qamog‘i bilan bog‘liq xabarlarni rad etdi. 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida Telegram’dagi guruhga nashid tarqatgan 20 yoshli yigit 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ayblanuvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan iPhone-X telefonida ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidlarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatganligi aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ulug'murodov Nashid uy qamog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing