O‘t ochishni to‘xtatishni so‘rayotganlar 30 yil avval qayerda edi? – Xulusi Akar
Olam
−
28 Sentabr 2020
16077Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuvga butun dunyo tashvish bildirib turgan bir vaqtda Turkiya Tog‘li Qorabog‘ tuproqlari Ozarbayjonning tarixiy mulki ekanini qayd etib, Bakuni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashini, kerak bo‘lsa, harbiy jihatdan yordam bershini ma’lum qilmoqda.
Turkiya Milliy mudofaa vaziri Xulusi Akar mazkur masalada bir necha bor brifing berib, “bugun Ozarbayjon va Armanistonni murosaga chaqirayotganlar 30 yil avval qayerda edi?”, degan savol bilan murojaat qildi.
“Biz bir narsaning javobini bilishni istaymiz. Tinchlik va barqarorlik istaganlar, o‘t o‘chishni to‘xtatishni so‘rayotganlar, bugunga kelib muzoralarni eslaganlar Ozarbayjon tuproqlarining 20 foizi ishg‘ol ostida bo‘lganda, Xo‘jaylida minglab odamlar, jumladan ayollar, bolalar, keksalar o‘ldirilganda, millionlab odamlar o‘z uylarini, Vatanini tashlab qochganda, umuman, 30 yil davomida qayerda edi?”, deydi Akar.
Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatga baho berarkan, “biz ikki davlat – bir millatmiz”, deydi vazir.
“Armaniston darhol hujumni to‘xtatishi va xorijdan keltirilgan harbiylarni chiqarib yuborishi, Ozarbayjon yerlarini qaytarib berishi kerak. Bularsiz tinchlik, o‘t ochishni to‘xtatish va muzokara qilish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas”, deydi Turkiya Milliy mudofaa vaziri.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuvlar avj ola boshlagandan keyin Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiya ozar xalqining yonida bo‘lishini ma’lum qildi.
So‘ngra Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga qo‘ng‘iroq qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi va vaziyatdan tashvishdaligini bildirdi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi