Usmonovning villasidagi tintuvda noyob buyumlar topildi – OAV
Olam
−
24 Sentabr 2022
22641Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli ekani aytilayotgan Tegernzeye (Germaniya) shahridagi villada huquq-tartibot idoralari xodimlari Faberje” tuxumi ekani taxmin qilinayotgan nodir taqinchoqlarni topishdi. Bu haqda “Spiegel” nashri xabar berdi.
“Rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning uyida tintuv o‘tkazish chog‘ida tergovchilar qiziq topilmaga duch kelishdi. Tergovchilar milliarderning Tegernzeyedagi villalaridan biridagi seyfdan nodir taqinchoqlarni musodara qildi. Bu to‘rtta Faberje tuxumi bo‘lishi mumkin”, deb yozadi nashr.
Zargarlik buyumlarining haqiqiyligi tekshirilmoqda. Hammasi bo‘lib 24 ta ob’ektda tintuv o‘tkazilgan.
“Spiegel” nashriga ko‘ra, Usmonov “tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash”da gumon qilinmoqda. Xususan, nashrga ko‘ra, 2014 yildan 2022 yilgacha oligarx 555 million yevro soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha federal idora xodimlari va soliq idoralari xodimlari Usmonovning Bavariyada joylashgan “bir qancha mulklari”da tintuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Alisher Usmonov AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. U Rossiyadagi oltinchi boy, Metalloinvest va Megafon kompaniyalarining egasi. Uning boyligi sanksiyalar joriy qilinganidan keyin 21,6 milliard dollardan 18,9 milliard dollarga tushib ketdi. Avvalroq Germaniya Usmonovning 750 million dollarlik Dilbar superyaxtasini hibsga olgan edi.
Bahorda Usmonov Yevropa Ittifoqining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban unga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llash qarori ustidan shikoyat qilgan. Usmonov 29 aprel kuni YeI Bosh sudiga apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilib, sudyalar yakuniy qarorga kelguniga qadar sanksiyalarni to‘xtatib turishni so‘ragan.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari bo‘yicha sud jarayoni bir necha yil davom etishi va kamdan-kam hollarda ular qaratilgan shaxslarning g‘alabasiga olib kelishi mumkin. Xususan, qochoq Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li 2014 yildan beri, hattoki ularni 2020 yilgi sanksiyalarga kiritish bo‘yicha sudlarda g‘alaba qozonganidan keyin ham Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida qolmoqda.
16 sentyabr holatiga ko‘ra, Germaniya kamida 4,88 milliard yevrolik Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘ygan.
LiveBarchasi