Usmonxon Alimovning dafn marosimi bo‘yicha ma’lumot berildi
Jamiyat
−
15 avgust 2021
21240Bugun, 15 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov vafot etgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Usmonxon Alimovning dafn marosimi ertaga, 16 avgust kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Janoza namozi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘i “Eshoni Temirxon To‘ra” (avvalgi “Orlot” masjidi) jome masjidida o‘qiladi.
Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olgan.
Usmonxon Alimov hazratlari Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom-noib, 1987-1989 yillarda, so‘ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.
2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib mehnat qilgan. 2006 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, Usmonxon Alimov o‘pka va qon-tomir kasalliklari, xususan o‘pka pnevmoniyasi bo‘yicha Moskvadagi shifoxonada davolanayotgandi.
LiveBarchasi