Urushga qarshi chiqqan jurnalist 8,5 yillik qamoqqa hukm qilindi
Olam
−
04 Oktabr 2023
10340Moskvaning Basmanniy sudi “Birinchi kanal”ning sobiq muharriri Marina Ovsyannikovani Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybdor deb topib, sirtdan 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda poytaxt prokuraturasiga tayanib, TASS xabar berdi.
Rossiya prokuraturasi Ukrainaga bosqinga qarshi norozilik bildirish uchun jonli efirni to‘xtatgan “Birinchi kanal” jurnalisti Marina Ovsyannikovani to‘qqiz yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan.
“Sud prokuratura pozitsiyasini inobatga olib, Ovsyannikovani sakkiz yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida o‘tashga hukm qildi, shuningdek, sud uni to‘rt yil muddatga elektron yoki axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarining veb-saytlari, shu jumladan internet tarmog‘i bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qildi”, deyiladi xabarda.
Ilgari Rossiyaning “Birinchi kanal”ida ishlagan Marina Ovsyannikova o‘tgan yili uy qamog‘idan qochib, qizi bilan Rossiyani tark etganidan beri Fransiyada yashamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 14 mart kuni kechqurun Rossiyaning “Birinchi kanal”i xodimi Marina Ovsyannikova “Vremya” ko‘rsatuvi jonli efirida urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib borgandi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan. Ertasi kuniyoq unga nisbatan sud ishi boshlandi va shu kunning o‘zida u 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.
Ikkinchi marta o‘tgan yilning iyul oyida Marina Ovsyannikova Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha Moskvaning Krasnoselskiy tumani deputati Ilya Yashinga nisbatan jinoyat ishini tanqid qilgani uchun 50 ming rubl miqdorida, uchinchi marta esa avgust oyida Facebook’dagi posti uchun 40 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.