Urushdan keyin Falastin bo‘lmaydi – Netanyaxu
Olam
−
06 dekabr 2023
19186Isroil G‘azo sektoridagi jangovar harakatlar tugaganidan keyin u yerda Falastin ma’muriyati nazoratni o‘z qo‘liga olishini istamaydi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qilgan.
Isroil hukumati rahbari o‘zi boshqaradigan “Likud” partiyasi deputatlari bilan uchrashuvda urush tugaganidan keyin Falastin ma’muriyatining G‘azo ustidan har qanday nazoratiga qarshi ekanini aytgan.
"Urushdan keyingi G‘azoda Falastinning yangi hokimiyati bo‘lmaydi, aslida Falastin hokimiyati umuman bo‘lmaydi", degan Netanyaxu.
Shuningdek, u Falastin-Isroil mojarosi tugagandan so‘ng, G‘azo sektori faqat Isroil mudofaa kuchlari tomonidan demilitarizatsiya qilinishi kerakligini aytgan.
"G‘azo demilitarizatsiya qilinishi kerak. Bu demilitarizatsiyani faqat bitta kuch – Isroil mudofaa kuchlari amalga oshirishi mumkin", dedi u.
Netanyaxu xalqaro munosabatlarning hech bir sub’ekti bu jarayonda qatnasha olmasligini ta’kidlagan.
Ayni paytda, AQSH rasmiylari G‘azoda janglar tugaganidan keyin kim nazoratga olishi haqida aralash signallar yubormoqda.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi kechagi bayonotida hozirgi Falastin ma’muriyati jangovar harakatlar tugaganidan keyin G‘azo ustidan ishonchli nazoratni amalga oshirishga qodir emasligini aytgan.
"G‘azoda qanday ma’muriyat bo‘lishidan qat’i nazar, Falastin xalqining talablariga javob berishi kerak va hozirda Falastin ma’muriyati bu hokimiyatdan foydalanmayapti", deydi u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘azo sektori va G‘arbiy Sohil Falastin ma’muriyati nazorati ostida bo‘lishi kerakligini ma’lum qilgandi.