Urush Ukrainadagi qancha bolaning umriga zomin bo‘ldi?
Olam
−
09 aprel 2022 4004 3 daqiqa
Ukrainada davom etayotgan urushda bugungacha 176 bola halok bo‘ldi, yana 324 bola yaralandi. Bu haqda Ukraina Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Rossiya Federatsiyasining qurolli agressiyasi boshlanganidan beri Ukrainada deyarli 500 nafar bola jabrlandi. Ulardan 176 nafari halok bo‘lgan, 324 nafardan ortig‘i esa yaralangan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Kiyev viloyatida – 91, Donetsk viloyatida –102, Xarkov viloyatida – 76, Chernigov viloyatida – 50, Nikolayev viloyatida – 40, Lugansk viloyatida – 35, Zaporoje viloyatida – 22, Xerson viloyatida – 29, Kiyev shahrida – 16, Sumi viloyatida – 16, Jitomir viloyatida – 15 nafar bola jabrlangan.
“Bu raqamlar yakuniy emas, chunki vaqtincha bosib olingan va ozod qilingan hududlarda ham halok bo‘lgan va yaralangan bolalar haqida ma’lumotlar aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 8 aprel kuni Donetsk viloyatining Kramatorsk shahridagi temir yo‘l vokzaliga uyuushtirilgan raketa hujumida 5 nafar bola halok bo‘lgan, 16 nafari yaralangan. Hududdagi 4 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinmoqda.
Kiyev viloyatidagi Gostomel yaqinida esa yosh bolali oila halok bo‘lgan mashina topilgan.
Xarkov viloyatining Izyumskiy tumanida esa uch kishi qiynoqqa solingan va yoqib yuborilgan. Jasadlar orqasida voyaga yetmagan bola ham bor.
Prokuraturaga ko‘ra, bomba va o‘q otilishi oqibatida 928 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan, ulardan 84 tasi butunlay vayron qilingan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi