Urush faqat G‘azoga emas, butun arab dunyosiga qarshi kechyapti – Qatar Amiri
Olam
−
16 Sentabr 2025 6403 3 daqiqa
Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Isroil hukumati tomonidan qon to‘kishga intilishga qarshi aniq choralar ko‘rilishini talab qildi. Ushbu bayonotni Amir kecha, 15 sentyabr kuni Dohada Isroilning HAMAS delegatsiyasi a’zolariga qarshi sodir etgan hujumidan so‘ng chaqirilgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining favqulodda qo‘shma sammitida bildirdi.
Amir mamlakatining suverenitetini himoya qilishga qat’iy ekanini ta’kidladi. U Isroilning G‘azoga qilingan zarbalari “genotsidga aylanganini” aytdi va Tel-Avivni muzokaralarni hiyla bilan qaytadan buzganlikda aybladi.
“Isroil hukumati tomonidan qon to‘kishga bo‘lgan intilishga qarshi aniq choralar qo‘llash zarur”, dedi shayx Tamim.
Amir, shuningdek, Qatar poytaxti Dohaga HAMAS yetakchilariga qarshi vahshiyona hujum amalga oshirilganini eslab o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, hujum paytida delegatsiya AQSH taklifini Qatar va Misr orqali ko‘rib chiqayotgan edi.
“Agar Isroil HAMAS siyosiy rahbariyatini yo‘q qilmoqchi bo‘lsa, nima uchun u ular bilan muzokara olib boradi? U muzokaralarni buzmoqchi. Kimki barqaror va tizimli ravishda muzokara olib borayotgan tarafni nishonga olsa, u muzokaralarni buzishga xizmat qiladi”, dedi Amir.
Shayx Tamim Isroil rahbarlarini irqchi va ultrao‘ngchi siyosat asosida terrorchilikda aybladi.
“Dohada sodir etilgan bu hujum nafaqat mamlakatimizga, balki butun mintaqaning xavfsizligiga yo‘naltirilgan. Isroilning bu hujumi harbiy jinoyat bo‘lib, u arab dunyosiga qarshi yo‘naltirilgan. Biz suverenitetimizni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘ramiz”, dedi u.
U Isroilning arab dunyosi ustidan hukmronlik qilish orzusini “xatarli illyuziya” deb atadi.
“(Isroil Bosh vaziri) Netanyaxu mintaqani Isroil ta’siriga aylantirishni orzu qiladi, ammo bu katta illyuziya va bunday rejalar amalga oshmaydi”, dedi Amir.
Arab tinchlik tashabbusiga to‘xtalar ekan, Amir agar Isroil ushbu tashabbusni qabul qilganida, mintaqa ko‘p marotaba fojialardan qochgan bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
“Isroil G‘azoni yashash uchun nomaqbul joyga aylantirishga va aholisini zo‘rlab haydashga intilmoqda”, dedi u.
Amir Qatarning vositachilik rolini eslab o‘tdi – oldin Dohada HAMAS va Isroil delegatsiyalari qabul qilinib, asirlarni ozod qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan edi. U Dohadagi hujumni “agressiv, vahshiyona va qo‘rqinchli” deb atadi.
“Fuqarolarimiz va butun dunyo bu terrorchilik hujumidan shok holatda qoldi. Poytaxtimizda HAMAS yetakchilari oilalari bilan birga bo‘lgan mulkiy rezidensiyaga ochiqdan-ochiq hujum qilindi”, dedi u.
Qatar Amiri ushbu urushning endi faqat G‘azoga emas, balki butun arab dunyosiga qarshi kechayotganini ta’kidladi.
“Isroil agressiyasiga qarshi birdek harakat qilishimiz zarur”, dedi u.
U, shuningdek, Suriyaning hududiy yaxlitligiga tahdidlar haqida so‘zladi, Isroil mamlakatni bo‘lib yuborishga harakat qilayotganini, lekin bu rejalar amalga oshmasligini qayd etdi.
IHT va Arab Ligasining favqulodda qo‘shma sammiti
Sammit Qatar tashabbusi bilan, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilayotgan Turkiya qo‘llab-quvvatlashi bilan mamlakatlar rahbarlari darajasida o‘tkazildi.
Bu 2023 yil 7 oktyabrdan boshlab Isroilning G‘azoga o‘tkazgan hujumlari oqibatida Livan, Suriya, Yaman va Eronga ham tarqalgan hodisalardan keyin o‘tkazilgan uchinchi favqulodda qo‘shma sammit hisoblanadi.
9 sentyabr kuni Isroil Qatar poytaxti Dohada HAMAS delegatsiyasi bo‘lgan binoga zarba berdi. Harakat rahbariyati omon qoldi, ammo HAMAS Siyosiy byurosi a’zosi Xalil al-Xayyaning o‘g‘li va yana to‘rt kishi hamda bir qatarlik politsiyachi halok bo‘ldi – jami 6 kishi.
10 sentyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Qatarga yangi hujumlar bilan tahdid qildi.
“Yoki siz ularni deportatsiya qilasiz, yoki adolat oldiga topshirasiz. Agar bunday qilmasangiz, bu bizning qo‘limizdan keladi”, dedi u.
Live
Barchasi