73 nafar retsidivist mahkumning jazosi yengillashtirildi

Jamiyat

image

Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirilgan 73 nafar mahkumning jazosi yengillashtirildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, jazoni ijro etish koloniyasi ma’muriyati qamoq jazosini o‘tayotgan 73 nafar mahkumga nisbatan saqlash sharoitini o‘zgartirish to‘g‘risida Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tuman sudiga taqdimnoma kiritgan. Shundan so‘ng, joriy yilning 30 aprel kuni ushbu koloniyada karantin qoidalariga amal qilingan holda sud yig‘ilishi o‘tkazilgan.

"Joriy yilning 30 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tuman sudi raisi tomonidan koloniya tomonidan taqdim etilgan taqdimnomaga asosan jami 73 nafar mahkumlarni saqlash sharoitini o‘zgartirish va 2 nafar mahkumga nisbatan ma’muriy nazorat masalasi ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga kura, 73 nafar mahkumlar maxsus tartibli koloniyadan qattiq tartibli koloniyaga o‘tkazildi. Shuningdek, 2 nafar mahkumlarga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Jinoyat kodeksining 34 moddasi 3 qismiga asosan sud tomonidan uta xavfli retsidivist deb topilgan mahkumlar JK 50 modda 7 qismi "g" bandi va Jinoyat-ijroiya kodeksining 49 moddasiga asosan maxsus tartibli koloniyada jazo o‘taydilar" deyiladi xabarda.

Shuni ta’kidlash joiz, 17-son jazoni ijro etish koloniyasida o‘ta xavfli retsidivist mahkumlar saqlanmoqda. Koloniyada umrbod mahkumlar jazo o‘tamayotgani va saqlanmayotgani haqida ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, maxsus tartibli koloniyalarda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi asosida quyidagi tartib joriy etilgan:

Mahkumlar yil mobaynida:

•    to‘rt marta qisqa muddatli va to‘rt marta uzoq muddatli uchrashuv;

•    olti marta telefon orqali so‘zlashuv;

•    oltita posilka yoki yo‘qlov;

•    oltita banderol olish huquqiga ega.

Qattiq tartibli koloniyalarda esa tartib quyidagicha:

Mahkumlar yil mobaynida:

•    besh marta qisqa muddatli va besh marta uzoq muddatli uchrashuv;

•    sakkiz marta telefon orqali so‘zlashuv;

•    sakkizta posilka yoki yo‘qlov;

•    sakkizta banderol olish huquqiga ega.

 


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Sud

Baholaganlar

124

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing