Umraga boruvchilar uchun meningitga qarshi vaksina talabi bekor qilinmagan – Sanepidqo‘mita
Jamiyat
−
12 fevral 2025 3545 2 daqiqa
Avvalroq, Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi Umra ziyoratiga boradiganlardan endilikda meningitga qarshi emlanish talab etilmasligi haqida e’lon qilgan edi. Biroq O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bu talab bekor qilinganini rad etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni Qirolligi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024 yilning dekabr oyida 2025 yildan boshlab Umra va Haj amallarini bajarish uchun boradigan barcha ziyoratchilarning meningit infeksiyasiga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi hujjati bo‘lishi shartligini talab qiluvchi me’yoriy hujjat chiqargan.
“So‘nggi paytlarda esa aholi o‘rtasida hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Haj va Umra ziyoratlariga borishida meningitga qarshi vaksina olish kerak, deyilgan qaror bekor qilindi, endi vaksina olmasdan Umraga borsangiz bo‘ladi” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. Sanepidqo‘mita ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, Saudiya Arabistoni Umra va Haj ziyoratlariga boruvchilarda meningit kasalligiga qarshi emlanganlik haqida hujjat bo‘lishi zarurligini, rasman bekor qilmaganligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, O‘zbekistonda yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi 2025 yilgi Haj mavsumida bolalarning ziyoratchilarga hamroh bo‘lishini taqiqlagan edi. Ushbu qaror bolalarni har yili sodir bo‘ladigan kuchli olomon bilan bog‘liq xavflardan himoya qilishga qaratilgan.
Live
Barchasi