Umraga borgan o‘zbekistonliklar turistik firmalar sabab ko‘chada qoldi (video)

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ tahririyatiga Umra amalini bajarish uchun Makka va Madina shaharlariga borgan va O‘zbekistonga qaytish bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan o‘zbekistonlik ziyoratchilarning murojaati kelib tushdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham ularning sarson bo‘layotgani, mehmonxonalardan chiqarib yuborilayotgani aks etgan videolar ham tarqalib, ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.

Bosh konsulxonaga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning safarlari xususiy sayyohlik kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan. Mazkur holat aviaqatnovlarni amalga oshirishdagi texnik nosozliklar, shuningdek, turistik kompaniyalarning bu kabi safarlarni tashkil etishda zaruriy malaka va tajribaga ega emasligi tufayli yuzaga kelgan.

“Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda yurtdoshlarimizni qaytarish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda, qo‘shimcha reyslar jadvali tuzildi”, deyiladi xabarda.

Joriy yilning 4 fevral holatiga ko‘ra, ziyoratchilarning bir qismi O‘zbekistonga qaytarilgan, qolgan fuqarolar ham yaqin fursatlarda O‘zbekistonga yuboriladi.

“O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi va Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan va doimiy ravishda monitoring olib bormoqda hamda yurtdoshlarimizga zarur konsullik, huquqiy va boshqa yordamlarni ko‘rsatmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizni xotirjamlikni saqlashga va Saudiya Arabistonidagi amaldagi qoidalarga rioya qilishga chaqiramiz”, deyiladi Bosh konsulxona munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘onada Haj ziyoratiga yuboraman deb odamlarni 15 ming AQSH dollariga chuv tushirgan shaxsga hukm o‘qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Umra turistik firmalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing