Umra ziyoratini tashkil qilish uchun litsenziya joriy etilishi mumkin
Jamiyat
−
26 mart
3061Endilikda Umra ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya turi joriy etilishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi bugun, 26 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, litsenziyalovchi organ sifatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitani belgilash rejalashtirilgan. Qonunchilik palatasi majlisida qonun loyihasi bilan fuqarolarning Umra ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish va ziyoratchilarning haq-huquqlarini ta’minlash maqsad qilingani ta’kidlangan.
Hujjat bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha normalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati Umra tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilmagani ziyoratchilar huquqlarini to‘liq himoya qilish imkonini bermayotgani bilan izohlangan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 1 noyabridan Umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilgan:
- 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yadi;
- umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlaydi;
- umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanadi;
- umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Prezidentning 9 yanvardagi farmoni bilan esa 2024 yil 1 martdan boshlab turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talabi bekor qilinib, xabardor qilish tartibi joriy etildi. Endilikda yangi qonun bilan Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turfirmalar uchun alohida litsenziya joriy etilishi mumkin.
LiveBarchasi