Ummonda Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning yangi raundi boshlandi
Olam
−
26 aprel
1472Bugun, 26 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda Eron va AQSH o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarning uchinchi raundi boshlandi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi diplomatik va texnik-ekspertlar delegatsiyasiga boshchilik qilib, kecha, 25 aprel kuni yangi muzokaralar raundi uchun Ummonga yetib borgan.
Ummon tomonidan amalga oshirilgan kelishuvlar va Eron hamda AQSH o‘rtasidagi bitimga ko‘ra, bugun ertalab boshlangan ekspertlar darajasidagi uchrashuvlardan so‘ng Aroqchi va AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasida bilvosita muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ekspertlar uchrashuvidan oldin Aroqchi Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Avvalgi raundlarda bo‘lgani kabi, bu safar ham Ummon vaziri Eron va AQSH o‘rtasida vositachilik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Eron va AQSH joriy yilning 12 va 19 aprel kunlari Ummon va Italiyada ikki raund muzokaralar o‘tkazgan edi. Muzokaralarning maqsadi Eronning yadroviy dasturi va Tehronga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha kelishuvga erishishdan iborat.