O‘ldirib ketilgan Gaiti Prezidenti o‘rnini yangi rahbar egalladi
Olam
−
10 iyul 2021
8342Kecha, 9 iyul kuni Gaiti Senati (parlamentning yuqori palatasi) o‘z spikeri Jozef Lamberni Respublikaning muvaqqat Prezidenti, deb e’lon qildi. Bu haqda “juno7” axborot portali xabar bermoqda.
“Yangi muvaqqat Prezident — Janob Jozef Lamber hukumat a’zolari, fuqarolik jamiyati yetakchilari oldida qasamyod qiladi”, deyiladi Senat qarorida.
Foto: Janob Jozef Lamber
Qayd etilishicha, ushbu qarorni o‘n senatordan sakkiz nafari qo‘llab-quvvatlagan.
“Senator sifatida xalq tomonidan saylangan Jozef Lamber o‘zining hamkasblari tomonidan Gaiti Respublikasining muvaqqat Prezidenti vazifasini 2022 yil 7 fevral kuni — saylangan Prezidentning inauguratsiyasiga qadar amalga oshirish uchun tanlangan”, deyiladi qarorda.
Avvalroq, Gaiti Deputatlar palatasida (parlamentning quyi palatasi) eng katta fraksiyaga ega bo‘lgan Tet Kale partiyasi Lamberni yangi davlat rahbari saylangunga qadar vaqtinchalik Prezident etib tayinlashni taklif qilgan edi. Partiya, shuningdek, Ariel Anri Bosh vazir bo‘lishi va hukumatni tuzishi kerak, deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, qotillik qurboni bo‘lgan Prezident Jovenel Moiz o‘ldirilishidan ikki kun oldin Anrini Vazirlar Mahkamasining rahbari etib tayinlagandi, ammo u ushbu lavozimda rasman ish boshlashga ulgurmagandi.
Mamlakat Prezidenti o‘ldirilganidan so‘ng, Klod Jozef Gaiti Bosh vazirligini o‘z qo‘liga oldi. Moiz tomonidan Bosh vazir lavozimiga tayinlangan Anri esa yangi saylovlar oldidan Respublika boshqaruvini o‘z zimmasiga olishi kerakligini aytib, amaldagi hukumatni to‘liq, deb hisoblamasligini qo‘shimcha qildi.
Gaitida prezidentlik va parlament saylovlari joriy yilning 26 sentyabriga belgilangan, agar kerak bo‘lsa, 21 noyabr kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 7 iyulga o‘tar tunda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz mamlakat poytaxti Port-o-Prenseda joylashgan Pelerin qarorgohida o‘ldirib ketildi.
Mamlakat Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Klod Jozefga ko‘ra, hujumni uyushtirganlarning ba’zilari ingliz va ispan tillarida gaplashgan. Jozef mamlakatdagi xavfsizlik holati Gaiti Milliy politsiyasi va Qurolli kuchlari nazorati ostida ekanini aytib, aholini tinchlikka chaqirdi. Hukumat Respublikada 15 kunlik harbiy holatni joriy qildi.