Gaiti Prezidentini o‘ldirgan amerikaliklar maqsadlari nima bo‘lganini aytdi
Olam
−
09 iyul 2021
18272Gaiti Prezidenti Jovenel Moizni o‘z qarorgohida o‘ldirganlar ularning maqsadi qotillik bo‘lmaganini aytmoqda. Bu haqda politsiya tomonidan hibsga olingan ikki amerikalikning ko‘rsatmasida so‘z boradi.
“Ular (qotillar) o‘zlarining tarjimon ekanini aytdi. Bosqinning maqsadi (Moizning qarorgohida) uni o‘ldirish emas, balki Prezident Jovenel Moizni tergov sudyasining buyrug‘i ijrosi doirasida hibsga olish edi”, deyiladi gaitilik sudya Kleman Noelning bayonotida.
Sudya Kleman hujum ishtirokchilari qanday buyruqni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan. Surishtiruv davomida hibsga olinganlardan Gaiti Prezidenti qarorgohiga bosqinning bevosita buyurtmachisi kim bo‘lgani so‘ralgan. Hibsga olinganlardan biri — amerikalik Solaj “bu ishni Internetdan topdim”, deb javob bergan.
Gaiti sudyasi, shuningdek, politsiya tomonidan hujum qilganlar foydalangan avtomobil topilganini aytgan. Undan beshta o‘qotar qurol, shu jumladan ikkita 9 millimetrli to‘pponcha, 5,56 millimetli patronlar va Gaiti Prezidenti qarorgohidan olingan videokuzatuv kamerasi topilgan. Shuningdek, avtomobilda Moiz va uning rafiqasi nomiga yozilgan chek daftarchasi, AQSH dollari banknotalari, o‘q o‘tkazmaydigan nimcha hamda mobil telefonlar topilgan.
Avvalroq, Gaiti Milliy politsiyasi Moizga qilingan hujumda ishtirok etgan jinoyatchilar guruhida kamida 28 kishi bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Hibsga olish paytida hujum qilganlarning yettitasi yo‘q qilingan, 15 nafari topilgan va yana bir nechta jinoyatchilar qidirilmoqda.
Foto: Gaiti Prezidenti va mamlakatning birinchi xonimi
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyulga o‘tar tunda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz mamlakat poytaxti Port-o-Prenseda joylashgan Pelerin qarorgohida o‘ldirib ketildi. Hujum paytida mamlakatning birinchi xonimi Martin Moiz ham yaralandi va keyinroq shifoxonada vafot etdi.
Mamlakat Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Klod Jozefga ko‘ra, hujumni uyushtirganlarning ba’zilari ingliz va ispan tillarida gaplashgan. Jozef mamlakatdagi xavfsizlik holati Gaiti Milliy politsiyasi va Qurolli kuchlari nazorati ostida ekanini aytib, aholini tinchlikka chaqirdi. Hukumat Respublikada 15 kunlik harbiy holatni joriy qildi.