Ular och ekan, biz to‘q o‘tirolmaymiz. QALAMPIR.UZ’dan O‘zbekiston Hukumatiga tavsiya va takliflar

Tahlil

image
“Otarchi” tamg‘asi kimdan chiqadi, “divannыy kommentator”danmi? Nazarbekov nima deydi? north_east

“Otarchi” tamg‘asi kimdan chiqadi, “divannыy kommentator”danmi? Nazarbekov nima deydi?

Joriy yilning 15 mart kuni koronavirus O‘zbekistonda aniqlangani rasman ma’lum qilindi. Avvalroq Prezident farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzilgandi. Hozirda mazkur komissiya koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha o‘z vakolatlarini amalga oshirmoqda.

Keyinroq karantin holati joriy qilingach, deyarli barcha tashkilotlarda ish faoliyati to‘xtadi. Fuqarolarning bemaqsad ko‘chaga chiqishi taqiqlandi. Xalqimiz qoniga yaxshilik singib ketgan. Qiyin vaqtlarda bir-birini yo‘qlash, yaqinlar holidan xabar olish degan yaxshi fazilatlar bor. Shu maqsadda, keksalar va nuroniylar, nogironlar, yolg‘iz yashovchi fuqarolarning xonadonlariga turli mustaqil homiylar, volonterlar tomonidan xayriya mahsulotlari tarqatila boshladi.

Ammo bu holat ayrim fuqarolarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lganligi aytildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonovaga ko‘ra, vazirlikka 5 kunda 494 ta ushbu mazmundagi norozilik murojaatlari kelib tushgan. Bundan tashqari, ayrim fuqarolarga ustma-ust yordam berilgani holda, ayrim xonadonlar e’tibordan chetda qolayotgani haqida ham 200 ga yaqin norozilik murojaatlari bo‘lgani ma’lum qilindi.

“Bizning tadbirkorlarga qarshiligimiz yo‘q. Ularning homiylik harakatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo ko‘rsatilayotgan yordamlar mahallalar bilan kelishilgan, tegishli tibbiy ko‘rik va sanitariya talablariga rioya etilgan holda ehtiyojmand oilalarga olib kirilishi maqsadga muvofiq”, dedi Bositxonova.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini joriy yilning 1 aprelidan vaqtincha to‘xtatishga qaratilgan qaror qabul qilindi. Soha mutaxassislarining fikrlari, savobtalab va saxovatpesha insonlardan kelib tushgan murojaatlarni hisobga olgan holda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi. Toshkent shahri va mahalliy hududlarda ularning bo‘limlari tashkil qilina boshladi.

Xayriyani kimdir mahsulot ko‘rinishida bersa, kimdir pul ko‘rinishida o‘tkazgisi keladi. Mahsulot ko‘rinishidagi xayriyalar Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi bo‘limlariga yetkazilmoqda. U yerdagi xodimlar gigiyena va karantin talablarini hisobga olib, zarur mahsulotlar ehtiyojmand oilalarga yetkazmoqda. Respublika maxsus komissiyasi o‘z qarorida pul ko‘rinishidagi mablag‘larni esa “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazishni tavsiya qildi.

“Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi saytida hisobotlar to‘liq emas

Biz mazkur tashkilotning saytiga kirib, berilgan ma’lumotlar, hisobotlarni o‘rganishni boshladik. Mehrshavqat.uz saytidagi hisobotlar bo‘limiga kirsak, u yerda oxirgi marta 2018 yilda berilgan hisobotlar turganining guvohi bo‘ldik. 2019 yilda qancha tushum tushgani, tushayotgani va ular kimlarga sarflangani yoki sarflanayotgani haqida ma’lumot topolmadik. Balki boshqacha shaklda yuritilayotgandir. Ijobiy gumondamiz.

Saytning pastki qismlarida ham bunday ma’lumotlarga ko‘zimiz tushmadi. 

Xorij davlatlarida bunday hisobot shaffof tarzda joylashtiriladi. Ya’ni, siz shaharning bir chekkasida turib, xayriya ishlariga hisobingizdan ma’lum mablag‘larni yuborasiz. Pul tushgan-tushmaganini onlayn tarzda ko‘rib turasiz va saytdagi ma’lumotlar ham vaqti-vaqti bilan yangilanadi. Tizim shunday ishonchli tarzda ishlaydi. Demak, xayriya fondi ham tizimni shunday ko‘rinishda joriy qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi va odamlar unga yanada ko‘proq ishonadi.

Hukumat koronavirusga qarshi kurashishda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni amalga oshirmoqda. Bunda aholining barcha qatlamlari manfaati hisobga olinmoqda. Shu o‘rinda xalq ham jim turmasligi kerak deb hisoblaymiz. Biz ham bu borada bir nechta taklif va tavsiyalarimizni berishni joiz deb bildik.

Takliflar

Buning uchun “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi ushbu takliflarni amaliyotga tatbiq qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Birinchidan, Mehrshavqat.uz saytida “koronavirusga qarshi birgalikda” yoki boshqa nomdayangi sahifa tashkil qilinishi kerak, deb hisoblaymiz. Uni tashkil qilishdan asosiy maqsad koronavirus va uning oqibatlariga qarshi kurashishda har tomonlama ko‘maklashish hisoblanadi. Uning tashkiliy-huquqiy, texnik masalalari malakali yurist, mutaxassislar bilan maslahatlashilgan holda ko‘rib chiqilishi kerak. 

Ikkinchidan, caytda koronavirusga qarshi kurashish uchun tushayotgan mablag‘lar hisoboti (telemetriya shaklida) onlayn ko‘rsatib borilishi lozim. Xuddi koronavirus bilan kasallanganlar, undan tuzalganlar va vafot etganlar hisoboti shaklida yuritilishi kerak. Bu bir tarafdan shaffoflikni ta’minlasa, ikkinchi tarafdan mablag‘ o‘tkazayotgan shaxsda ishonchni mustahkamlaydi va natijada bemorlarga ham har taraflama dalda bo‘ladi.

Uchinchidan, pul tashlashda ijtimoiy kelib chiqishidan barcha fuqarolar imkoniyati hisobga olinishi zarur bo‘ladi. Misol uchun, “Toshmat” uyida o‘tirib, o‘z telefoni orqali raqamni tegishli tartibda terib, hisob raqamidan mablag‘ jo‘nata olsin. Tizim barcha bu savobli ishga uydan turib ham osongina qo‘shilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun barcha uyali aloqa kompaniyalari SMS ko‘rinishida abonentlarga “yagona operator raqami” haqida xabar berishi kerak bo‘ladi. Bunda bitta SMS’ga ma’lum bir narx belgilanishi talab etiladi.

To‘rtinchidan, saxiy fuqaro yanada ko‘proq mablag‘ jo‘nata olishi uchun to‘lov tizimlarida ham ushbu raqamga pul yo‘naltirish funksiyasi joriy qilinishi kerak deb o‘ylaymiz.

Beshinchidan, aksiya keng ommalashishi uchun barcha turdagi OAVlarda (internet, telekanallar, gazeta-jurnal, radio va boshqalar) bu haqda xabarlar muntazam berib borilishi kerak bo‘ladi. Aloqa kompaniyalari ham barcha abonentlarga shunday fond sahifasi ishga tushgani va pul o‘tkazish imkoniyati haqida bir vaqtda ma’lumot bersa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu bilan birga, ushbu hisob raqamni joriy etishda chet eldagi yurtdoshlardan ham yuborilishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar hisobga olinishi kerak.

Eng muhimi, tushayotgan summaning hisoboti haftalik, oylik shaklda (kim qancha mablag‘ tushirgani, nimaga sarf etilgani, qoldiq summa va boshqalar) coronavirus.uz rasmiy saytida onlayn tarzda xalqqa ko‘rsatib borilishi kerak. Shundagina ishonchli va shaffof tizimga bo‘lgan qiziqish ortadi, aholi boshqa eshikka o‘zini urmaydi. 

Bunday vaqtda hamma birlashishi shart. Davlat xalqning, xalq davlatning yonida turishi kerak. Toma-toma ko‘l bo‘lar deganlaridek, arzimagan mablag‘lar ham yig‘ilib, millionlab insonlardan kelsa, milliardga aylanishi hech gap emas. O‘ylaymizki, yuqorida o‘tirgan mansabdor shaxslar bu takliflarni ko‘rib chiqadi va mazkur shaffof tizim ishga tushiriladi. Bu orqali koronavirusga qarshi kurashga O‘zbekistondagi hamma o‘z hissasini qo‘shadi, degan umiddamiz.

Ular och ekan, biz to‘q o‘tirolmaymiz. Ular mahzun bo‘lsa, biz kulolmaymiz. Ular sovuqda qolsa, bizga issiq uyimiz ta’timaydi. Biz bormiz, ammo sizning ishtirokingizsiz bo‘lmaydi. Birlar uchlarga, uchlar beshlarga, ozchilik ko‘pchilikka yetar. O‘zingizda borini boshqalar bilan bo‘lishingki, ular hayotda qolsin. 

QALAMPIR.UZ tahririyati Hukumatga mazkur taklif va tavsiyalarni amaliyotga joriy etishi uchun har qanday masalada amaliy ko‘mak berishga tayyor.


Maqola muallifi

Teglar

Hukumat Bositxonova

Baholaganlar

282

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing