Kimlar atrof-muhitni ifloslantirgani uchun to‘lov to‘laydi?
Jamiyat
−
17 aprel 2021
6724Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi hududida tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 202-son qaror qabul qilindi.
Qaror bilan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Moliya vazirligining:
• O‘zbekiston hududida ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini atmosfera havosiga chiqarib tashlovchi, ochiq suv havzalari va joylarning relefiga oqava suvlarni oqizuvchi va chiqindilarni joylashtiruvchi 55,1 mingta yuridik shaxs xatlovdan o‘tkazilganligi;
• 2020 yilda atrof muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga 68,3 mlrd so‘m mablag‘ tushganligi;
• ushbu mablag‘larning 17,75 mlrd so‘mi Davlat byudjetiga o‘tkazilganligi, qolgan mablag‘lar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari hamda boshqa tadbirlarni amalga oshirishga, shuningdek xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga sarflanganligi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.
Belgilanishicha:
a) quyidagilar atrof muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari ob’ektlari hisoblanadi:
• turg‘un va ko‘chma manbalardan ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarib tashlash massasi;
• ifloslantiruvchi moddalarni suv ob’ektlariga va joylarning relefiga oqizish massasi;
• yuridik shaxslar, shuningdek yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar tomonidan kommunal kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarning normativdan ortiqcha oqizilgan massasi;
b) quyidagilar atrof muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari ob’ektlari hisoblanmaydi:
• maxsus saqlanayotgan va har xil turdagi maxsus jihozlangan to‘plash joylarida joylashtiriladigan xom ashyo resurslari razryadiga tegishli bo‘lgan balansdan tashqari rudalar;
• maxsus ajratilgan maydonlarda vaqtincha (6 oygacha) joylashtirilganligi to‘g‘risidagi hisob-kitoblar asosida hujjatlashtirilgan va so‘ngra ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalaniladigan ishlab chiqarish chiqindilari;
• texnika ekinlari va o‘simliklarini sug‘orish uchun belgilangan tartibda foydalaniladigan tozalangan oqava suvlar va boshqalar;
v) quyidagilar kompensatsiya to‘lovchi sub’ektlar hisoblanadi:
• ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini atrof tabiiy muhitga chiqarib tashlovchi, oqava suvlarni oqizuvchi va chiqindilarni joylashtiruvchi yuridik shaxslar;
• yuridik shaxslar, shuningdek yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi hamda shaharlar va boshqa aholi punktlari kommunal kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarni normativdan ortiqcha oqizuvchi jismoniy shaxslar.
O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda quyidagilar qayd etilgan:
• atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarining ob’ektlari;
• kompensatsiya to‘lovchi sub’ektlar;
• kompensatsiya to‘lovlarini hisoblash tartibi;
• atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalarni avariya holatida va birvarakayiga chiqarib tashlash, oqizish va chiqindilarni joylashtirish holatlarida kompensatsiya to‘lovlarini hisoblash tartibi;
• kompensatsiya to‘lovi hisob-kitoblarini rasmiylashtirish va ularni kelishish;
• kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish tartibi va muddatlari;
• kompensatsiya to‘lovchi sub’ektlarning kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha huquq va majburiyatlari.
LiveBarchasi