“Otarchi” tamg‘asi kimdan chiqadi, “divannыy kommentator”danmi? Nazarbekov nima deydi?

Madaniyat-san’at

Ma’lumki, oxirgi 3-4 kun ichida san’atkorlarning xayriya qilishi masalasi ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzu bo‘lib turibdi. Avvaliga jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayev efir orqali ta’na va dashnomga to‘la maktubni o‘qib eshittirdi. Unda san’atkorlarga otarchi tamg‘asi yopishtirilib, ular xayriya qilmayotganlikda ayblangandi. 

Butun dunyo, jumladan O‘zbekiston xalqi boshiga kelgan og‘ir kunlarda saviyasizlarcha mayda narsalar bilan o‘ralashish, birovning cho‘ntagiga mo‘ralashni ko‘pchilik yoqlamadi. Bu orada “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi san’atkorlar 352 million so‘mlik xayriyani amalga oshirganini aytib chiqdi. O‘tgan vaqt oralig‘ida esa bu xayriyalar 1 milliarddan oshdi.

Qudratxo‘jayev olib borgan ko‘rsatuvda san’atkorlarga nisbatan “otarchi” tamg‘asi ishlatilgan edi. 4 aprel  kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov “O‘zbekiston 24” telekanalida chiqish qilib, ham vazir, ham san’atkor o‘laroq ushbu iddaolarga munosabat bildirdi. Nazarbekovning fikridan tushunilishicha, O‘zbekiston hali san’atkorlarning xayriyasiga qarab qolgani yo‘q. 

“Xalqimizning iqtisodiy va ijtimoiy ahvolini eng birinchilardan bo‘lib Prezidentimiz nazoratga oldilar. Bu masalani kun tartibiga qo‘ydilar. Bu uchun hamma choralar ko‘rilyapti. Har qanday tadbirlar qilinyapti. Davlatimiz bu balodan har bir fuqaroning talafotsiz chiqib kitishini izchil hal qilishga kirishgan. Hali o‘zini boyman degan mamlakatlarda ham buni ko‘rmayapmiz. Buni kim qila oladi? Ertangi kuniga, xalqiga ishongan davlat. Prezidentimiz ertangi kunga va xalqimizga ishonganlari uchun mana shu qarorlarni qabul qilyaptilar”, deydi vazir. 

Nazarbekov gapni uzoqdan olib kelarkan, murojaatidagi asosiy muddaoga to‘xtaldi. U bir necha kun avval teleekran orqali yangragan “otarchi” tamg‘asi boshqa saydoshlari qatori o‘ziga ham qaratilganidan ranjiganini sezdirdi. 

“Men xayr-saxovat haqida gapirmoqchiman. Davlatimiz hali bunga qarab qolgani yo‘q. Ya’ni hamma choralar ko‘rilyapti. Shunga qaramasdan san’atkorlar va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbari bilan gaplashganimda ularni rayini o‘rgandim. Men nafaqat vazir, balki san’atkorman. Ular menga “do‘stim, biz avtomobilimiz, kiyimlarimizni ko‘z-ko‘z qilganmiz, keling, xayriyamizni ko‘z-ko‘z qilmaylik, xalqimiz shuni ham piarga yo‘ymasin, bu Yaratgan bilan bandasining o‘rtasidagi munosabat”, deyishdi. Men buni eshitib juda xursand bo‘ldim. Bu tahsinga sazovor sifat. Oxirgi paytlarda bo‘layotgan bo‘lar-bo‘lmas e’tirozlar yoki har xil kurakda turmaydigan darajadagi haqoratomuz so‘zlar majbur qildiki, keyin “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bu xayriyalar haqida e’lon qila boshladi. Lekin, shu holatdan ham norozi san’atkorlar bor. Mayli, nima degan taqdirda ham, hatto, meni nomimga qarata fikr bildirgan taqdirda ham meni xayriyamni oshkor qilmanglar deyotgan san’atkorlarimiz bor. Bunga o‘zim shaxsan guvohman”, deydi Ozodbek Nazarbekov.

Ma’lumki, Ozodbek Nazarbekov xonandalik faoliyati davomida ham xalqqa manzur bo‘ladigan, tarbiyaviy ahamiyatga molik qo‘shiqlar ijro etgan. Uni surati va siyrati bir san’atkorlar sirasiga kiritish mumkin.

Xonandaning kuni kecha taqdim etgan koronavirus balosi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralarning jiddiyligini aks ettirgan “Afv et, yagonam” qo‘shig‘i ham faoliyatidagi navbatdagi yuksak qadam bo‘ldi. Madaniyat vaziri lavozimini egallaganiga ko‘p bo‘lmagan Nazarbekov o‘zini san’atkorlarning himoyachisi sifatida ko‘rayotganini urg‘ulaydi. 

“O‘tgan yillar davomida xalqimizning kichik bir qatlamida shakllangan bir tushuncha bor, bu qaysi? Xotini bilan urushib qolsa ham san’atkordan alamini oladi. Ko‘chada ishi yurishmasa ham san’atkorning internetda bir postini ko‘rsa, albatta, o‘shani tagiga bir negativ fikr yozib qo‘yadi. Nima uchun, nimaga shunaqa bo‘lib qoldi, degan savol tug‘iladi. San’atkorlarning o‘zi shunga loyiq ishlari qildimi yo buning boshqa sababi ham bormi? Agar masalaga bunday qarasak, shifokorlar nima qilgandiki ularni kaltakladik? San’atkorlarning o‘zi yuz foiz shunga loyiq degan fikrdan yiroqman. Men himoya qilaman san’atkorlarni. Bu holatga kelishining sababi o‘sha tosh otayotgan odam aniq biladiki, buning javobgarligi yo‘q. Mashhur bir odamga haqoratomuz so‘z aytish men katta ish qildim, jasorat ko‘rsatdim, deyish imkoniyatini beradi va buni ortidan jazoni his qilmaydi. Juda bo‘lmaganda, san’atkor o‘sha yerning o‘zida nimadir javob yozishi mumkin, lekin undan nariga o‘tmaydi. Odatda yozmaydi ham. Mana shu narsa kichkina bir g‘alamis qatlamni mana shu ishga o‘rgatib qo‘ydi. Ya’ni “divannыy kommentator” deymiz-ku. Ana o‘shalar yotvolib, bugun ko‘p zerikyapti, uyda o‘tiribdi, qiladigan ishi yo‘q va xohlagan gapini gapiryapti. Lekin ko‘rmasdan, bilmasdan, eshitmasdan turib, butun san’atkorlarning sha’niga birdaniga salbiy fikrni aytish yoki haqorat bilan munosabat qilish – bu jada noto‘g‘ri. 

Boshlovchilarning orasida ham hammaga yoqmaydigan, fe’l-atvorini tushunib bo‘lmaydiganlari bor. Boshqa sohalarda – taksistlar, shifokorlar, ichki ishlar, prokuratura xodimlarining ichida ham har xil odam bor. Lekin ikkita shifokorning xatosi yoki fe’l-atvorini deb butun shifokorlarga baho berish juda noto‘g‘ri narsa. Nima uchun bu gaplarni aytyapman. Chunki san’atkorlar doim xalqning xizmatida turgan. Vatan uchun eng ko‘p xizmat qiluvchi insonlar – bu san’atkorlar. Beg‘araz! Sovuqmi, issiqmi, qormi deyilmaydi. Mana 10-15 kunlar Yangi yil tadbirlarida san’atkorlarimiz ko‘chada turib xalqimizga xizmat qiladi. Mana oldingi davrlarni aytib bersam, 5 yil oldin O‘zbek milliy akademik drama teatrining isitish tizimi ishlamas edi. O‘sha sovuqda oyoqyalang onaxon aktrisalarimiz rol ijro etishardi. Biror joyda bizning teatrimiz sovuq, men ishlamayman deganini eshitmaganman”, deydi Nazarbekov. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkontsert Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

439

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing