Bolalar yoddan zaharlanmagan – Elmira Bositxonova

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Namanganda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Chust tumanida bolalarning ommaviy zaharlanishiga dori vositasi sabab bo‘lmaganini aytdi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi. 

Anjuman Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida tashkil etildi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Bositxonovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda yosh bolalarning 85 foizi sog‘aygan va ularning uyga qaytishiga ruxsat berilmoqda. Kunning boshida ro‘yxatga olingan bolalarning ham ahvoli yaxshilanib boryapti.

Muloqot davomida vazir o‘rinbosari bolalarda kuzatilgan noxush holat dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emasligini aytgan. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 20 ga yaqin analiz xulosalari olingan. Chuqurlashtirilgan tahlillarning javoblari chiqqanidan so‘ng, vazir o‘rinbosari vaziyatga yana aniqlik kiritishini bildirgan. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga ishonavermaslik, bunday jarayonda faqatgina mutaxassislarning fikriga tayanib, axborot tarqatilishi kerak”, degan Respublika ishchi guruhi rahbari Elmira Bositxonova. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 sentyabr kuni Elmira Bositxonova QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ham dastlabki tahlil natijalari bolalarning zaharlanishiga dori vositasi sabab bo‘lmaganini aytib o‘tgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Bositxonova Chust yod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing