“Ular qaram bo‘lishimizni xohlaydi”. Tohirjonova Shaxmat federatsiyasidagi o‘yinlarni ochib tashladi

Sport

Shaxmat bo‘yicha xalqaro murabbiy Hulkar Tohirjonova Xalqaro toifadagi hakamlik olish uchun imtihonni O‘zbekistonda topshirib o‘tolmagan. Apellyatsiya arizasi bilan qayta murojaat qilaman deganida Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Husan Turdialiyev bunga yo‘l qo‘ymagan. Sportchi Federatsiyada monopoliya mavjudligi, hujjatlarni tubdan yangilash kerakligini taklif qilmoqda. Bu haqda u joriy yilning 3 fevral kuni Turizm va sport vaziri – Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov bilan o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Yig‘ilishda qatnashgan QALAMPIR.UZ jurnalistining xabar qilishicha, federatsiya faoliyatidan nafaqat Hulkar Toxirjonova, balki ko‘plab murabbiylar va ota-onalar ham noroziligini bildirgan.  

“Xalqaro toifadagi hakamlikni olish uchun imtihonni O‘zbekistonda topshirib, negadir o‘ta olmaganman. Apellyatsiyaga qayta topshiraman deganimda, Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Husan Turdialiyev yo‘l qo‘ymagan. Xuddi shu imtihonni Moskvada topshirib, 98 foiz bilan o‘tganman. FIDE’ga buni ma’lum qilishga esa Shaxmat federatsiyasi orqali 20 yevro to‘lanadi. Jismoniy shaxs sifatida yuborishning esa imkoni yo‘q. Shu masalada federatsiyaga murojaat qilganimda esa 4 marta O‘zbekiston chempionatida hakamlik qilgan bo‘lishim kerakligini aytishdi. O‘zbekistonda 4 ta xalqaro hakam bor va ular ham Turdialiyevning ruxsatisiz turnirda qatnasholmaydi. Federatsiya turnir o‘tkazishimga ruxsat bergan taqdirda ham chet-eldan hakam chaqirishimga to‘g‘ri keladi. Federatsiya hamma yo‘nalishda monopoliya qilib olgan”, deydi Tohirjonova.

U so‘zida davom etib, federatsiya bilan shaxmatchilar o‘rtasida ko‘prik yo‘qligi, hech qanday imkoniyatlar berilmasligi, federatsiya o‘zimga xon – ko‘lankam maydon kabilida ish ko‘rishini, muammolarning yechimi esa barcha hujjatlarni qaytadan ko‘rib chiqishni talab etishini urg‘uladi.

“Iqtidorli bolalarni ajratish bo‘yicha har bir shaxmat maktablariga xalqaro reyting bilan turnir o‘tkazish uchun ruxsat berish kerak. Yevropada reytinglar bor, bizda reytingli turnir o‘tkazilmaydi, chunki ruxsat berilmagan. O‘zbekistonda uch xil reyting bor: rapid, blits, klass. Homiy topib turnir tashkil qilamiz, desak ham Shaxmat federatsiyasi ruxsat bermaydi. Federatsiya hamma unga bog‘liq (qaram) bo‘lishini istaydi. Unga tegishli barcha hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va muammolarni hal etish kerak.

Murabbiy sifatida turnir o‘tkazib, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ga jo‘natolmaymiz. "Opshot" federatsiya orqali o‘tishi kerakligi belgilangan. Hozirgi kunda eng katta muammolardan biri shu. Murabbiylar ham turnir o‘tkazishi uchun ruxsat berilishi va federatsiya bilan buni aniq qilib yozib qo‘yish kerak. Shu vaqtgacha federatsiya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ya olmadik. Ular xohlasa, "xo‘p" xohlasa, "yo‘q" deyishadi”, deydi shaxmat bo‘yicha murabbiy.

Turizm va sport vaziri – Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov murabbiylar va ota-onalar shikoyatini eshitib, hozirgi kunda yangi qaror ustida ishlanayotgani haqida aytdi. U federatsiya hisobiga 2 mlrd so‘m  o‘tkazilgani moddiy  va boshqa muammolar tez orada hal etilishiga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, so‘ngi vaqtlarda shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq barcha muammolar ko‘zga ko‘rindi. Xuddi shu yig‘ilishda Shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Nodirbek Abdusattorovning treneriga hamon ota-onasi o‘z cho‘ntagidan pul to‘lashi, buning uchun davlatdan yoki Shaxmat federatsiyasidan pul ajratilmagani ma’lum bo‘lgandi. Nodirbekning otasi Fazliddin Ochilov Ferderatsiyaning oxirgi besh yillik moliyaviy faoliyatini tekshirib, pullar qayerga va qanday maqsadda sarflanganini aniqlab, maqsadsiz sarflangan bo‘lsa, pulni qayta joyiga qo‘yib qo‘yishni talab qildi

Undan oldin esa, Shaxmat bo‘yicha grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova AQSHga ketishiga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Husan Turdialiyev sabab bo‘lganini aytib chiqqandi.

Bundan tashqari Shaxmat Federatsiyasi raisi o‘zining o‘rinbosariga tegishli MCHJga Malibu va 1 milliard 800 milliondan ortiq mablag‘ “haydalgani” haqida aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov Malibu Shaxmat Nodirbek

Baholaganlar

630

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing