Buxoroda Malibu haydovchisi shahar ichida 201 km/soat tezlikda yurdi (video)
Jamiyat
−
15:58 599 2 daqiqa
Buxoro shahrida Malibu-2 rusumli avtomobil haydovchisi tezlik soatiga 60 kilometr etib belgilangan hududda 201 km/soat tezlikda harakatlandi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi avtomobilning davlat raqam belgilarini o‘zboshimchalik bilan yechib, saloniga qo‘ygan. Shundan so‘ng u shahar ichki ko‘chalarida belgilangan tezlikni 141 km/soatga oshirib, harakatlangan.
Avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchi ushbu holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
YHXB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijasida haydovchi va avtomobil aniqlangan.
Haydovchi o‘z tushuntirishida davlat raqam belgilarini do‘sti bilan kelishgan holda yechib, salonga qo‘yganini aytgan.
“Jo‘ram bilan kelishgan holda davlat raqamlarini yechib, salonga qo‘ydik. Shaharda tezlik 60 km/soat etib belgilangan joyda 201 km/soat tezlikda haydadik. Boshqa takrorlanmaydi, afsusdamiz. Bunday ishlarni qilmaslikni boshqalarga ham tavsiya qilaman”, deydi haydovchi.
Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi 4-qismi — transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi, shuningdek, 125-moddasi 5-qismi — transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, jumladan, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositasini boshqarish bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Eslatib utamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisiga tegishli Spark avtomobilini boshqargani haqda xabar berilgan edi.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi