Ketishimga Turdialiyev va uning qilmishlari sabab bo‘lgan – AQSHdagi o‘zbekistonlik grossmeyster
Sport
−
31 yanvar 2022
25024Shaxmat bo‘yicha grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonovaning AQSHga ketishiga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Husan Turdialiyev sabab bo‘lgan. Bu haqda shaxmatchining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Rostdan ham ketishimga sabab Turdialiyev va uning qilgan ishlari bo‘lgan. Birinchidan, u kishi meni opamlar bilan O‘zbekiston terma jamoasida mamlakat sharafini himoya qilishimga ruxsat bermagan. Biz hech qachon uchalamiz birga hech qaysi turnirlarda O‘zbekiston sharafini himoya qilmaganmiz. Bunga imkonimiz bo‘lmagan. Shuningdek, moliyaviy tarafdan 15 yil ichida federatsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganmiz. Bunga o‘xshash vaziyatlar ko‘p, ular haqida gapirib o‘tirmayman”, deydi Gulruhbegim Tohirjonova.
Shu bilan birga, shaxmatchi agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, yana o‘z yurti sharafini himoya qilish uchun O‘zbekistonga qaytishini ham bildirdi.
“O‘zbekistonga qaytib kelasizmi, qachon kelasiz degan savollar ham bo‘lyapti. Albatta, oxirgi vaqtlar Shaxmat federatsiyasiga yangi rahbar – Aziz Abduhakimov kelgandan keyin, judayam yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi, yaxshi sovg‘alar bilan musobaqalar tashkil qilindi. O‘zbekiston yoshlariga O‘zbekiston shaxmatiga bo‘lgan qiziqish, munosabat o‘zgardi. Judayam katta qo‘llab-quvvatlanish bo‘lyapti. Bularni ko‘rib xursand bo‘lyapman. Agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, O‘zbekistonga qaytishim mumkin. Men O‘zbekistonni, yurtim sharafini himoya qilishdan xursand bo‘laman. Lekin hozirgi sharoitda o‘sishim uchun boshqa davlatga ketishim kerak degan qarorga kelgandim. Agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, men, albatta, borib o‘z yurtim sharafini himoya qilaman”, deydi Gulruxbegim Tohirjonova.
Ma’lumot uchun, opa-singil Nafisa Mo‘minova, Xulkar va Gulruhbegim Tohirjonova professional shaxmatchi hisoblanadi. Nafisa Mo‘minova 2013 yilda xalqaro grossmeyster maqomini olgan va O‘zbekistondagi ilk ayol grossmeysterga aylangan.
O‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova esa 2020 yilda AQSH shaxmat federatsiyasi a’zosiga aylangan. 23 yoshli shaxmatchi AQSHning Missuri universiteti jamoasi safida dona surmoqda va xalqaro musobaqalarda Amerika sharafini himoya qilyapti.
LiveBarchasi