Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida Isroil texnik mag‘lubiyatga uchradi

Sport

image

Samarqandda o‘tayotgan Shaxmat Olimpiadasining 6-turida Isroil erkaklar va ayollar terma jamoalariga texnik mag‘lubiyat yozildi. Isroillik shaxmatchilar Yom Kippur diniy bayrami sabab uchrashuvlarda ishtirok etishdan bosh tortgan. Bu haqda “World Chess” xabar berdi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahs joriy yilning 21 sentyabr kuni Niderlandiya, ayollar o‘rtasidagi uchrashuv esa Bolgariya terma jamoasiga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Isroil jamoalari uchrashuvlarni keyinroqqa, 22 sentyabr kuniga qadar ko‘chirishni so‘ragan.

Biroq raqib jamoalar bu taklifni qabul qilmagan. FIDE esa ularning uchrashuvlarni boshqa vaqtga ko‘chirishdan bosh tortishga to‘liq haqqi borligini ta’kidlagan. Natijada Isroilning har ikki terma jamoasi ham 0:4 hisobida texnik mag‘lubiyatga uchradi.

Qayd etilishicha, 5-turda ham isroillik shaxmatchilarning uchrashuvlari qayta rejalashtirilgan. Singapur va Kolumbiyaga qarshi bahslar o‘yinchilarga Rosh Hashana bayrami boshlanishidan oldin uchrashuvlarni yakunlash imkonini berish uchun boshqa vaqtga ko‘chirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, bu shaxmat Olimpiadasida Isroil jamoalari uchun texnik mag‘lubiyat birinchi marta qayd etilgan holat emas. Musobaqaning ilk turlarida ham shunday holat kuzatilgan. O‘shanda Pokiston erkaklar terma jamoasi “falastinliklar bilan birdamlik” sabab raqibi bilan o‘ynashdan bosh tortgan edi. Natijada pokistonliklarga dastlabki turda 4:0 hisobidagi texnik mag‘lubiyat yozilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing