Abduhakimov Malibu arzonga ketganidan tashqari qariyb 2 mlrd “yo‘q qilingan”ini aytdi
Jamiyat
−
04 fevral 2022
15901Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi balansidagi Malibu rusumli avtomobil federatsiyasi raisi o‘rinbosariga tegishli “Markaziy shaxmat klubi” MCHJga 53 million so‘mga sotilgani haqida xabarlar tarqaldi. Aytilishicha, avtomobil bozor narxidan qariyb 3 baravar arzonga sotilgan. Ushbu holatga Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri, Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov kecha, 3 fevral kuni soat 19:00 dan keyin 22:00 gacha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida munosabat bildirdi.
Aziz Abduhakimov federatsiyadagi barcha jarayonlarni nazorat qila olmasligini aytib, Malibu’ning sotilishi o‘zi uchun ham kutilmagan holat bo‘lganini ma’lum qildi.
“To‘g‘risini aytaman, bu holat men uchun ham kutilmagan yangilik bo‘ldi. Federatsiya ichidan kimdir bu ishni qilgan. Bilasizlar men hamma narsani nazorat qila olmayman. Mashina sotilgani haqidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng, biz “Markaziy shaxmat klubi” MCHJ rahbariyatiga uni qaytib berish bo‘yicha xat jo‘natdik. Ularga shu davrgacha mashinadan foydalangani va amortizatsiyasini to‘liq qoplab berishi borasida murojaat qilganmiz”, deydi Abduhakimov.
Shuningdek, Abduhakimov “Markaziy shaxmat klubi” MCHJga Malibu’dan tashqari yana 1 milliard 800 milliondan ortiq mablag‘ ham Shaxmat federatsiyasi tomonidan o‘tkazib berilganini aytib o‘tdi.
“Bu yerda yana MCHJga chiqib ketgan 1 milliard 800 milliondan ortiq mablag‘ ham bo‘lgan. Biz ularga xat yo‘lladik. Men ularga “iltimos, pullarni qaytarib beringlar”, deb murojaat qildim. Bilasizlar bank foizi bor, depozitga qo‘yilganda, qanchadir qo‘shimcha mablag‘ keladi. Bu bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan tekshiruvlar belgilangan, uning natijalari bilan esa tegishli xulosaga kelinadi”, deya so‘zini tugatdi federatsiya raisi.
Aytish joizki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Malibu ishi yuzasidan shaxmat sport turini yanada rivojlantirish bo‘yicha davlat byudjetidan Federatsiyaga ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanganligi hamda ehtimoliy korrupsiya holatlari yuzasidan o‘rganish ishlari boshlagan.
Shuningdek, agentlik sportning boshqa yo‘nalishlarida ham davlat tomonidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga oid o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
LiveBarchasi