Parda ko‘tarildi: Chempion Nodirbek Abdusattorovning otasi barcha muammolarni ochib tashladi
Sport
−
04 fevral 2022
37883Shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovning treneriga hamon ota-onasi o‘z cho‘ntagidan pul to‘laydi. Buning uchun davlatdan yoki Shaxmat federatsiyasidan pul ajratilmaydi. Abdusattorovning otasi Fazliddin Ochilov Ferderatsiyaning oxirgi besh yillik moliyaviy faoliyatini tekshirib, pullar qayerga va qanday maqsadda sarflanganini aniqlab, maqsadsiz sarflangan bo‘lsa, pulni qayta joyiga qo‘yib qo‘yishni talab qilmoqda. Bu haqda kecha, 3 fevral kuni Turizm va sport vaziri – Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov bilan o‘tgan matbuot anjumanida qatnashgan QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar berdi.
Anjumanda Jahon chempioni Abdusattorovning otasi ham qatnashib, bugungacha o‘g‘lini grossmeyster qilgungacha boshidan o‘tgan voqealarni ko‘ziga yosh olgudek aytib berdi.
U agar shaxsiy moliyaviy imkoniyatlari yetarli bo‘lganda, qizi ham Jahon chempioni bo‘lishi mumkinligi, qo‘li kaltalik qilgani va shu davrda davlat yordami bo‘lmagani uchun topgani faqat o‘g‘li Nodirbekdan ortmaganini aytadi.
“12 yildan buyon farzandlarim shaxmat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, bizda ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor. Qizim Bahora 2013 yilda 14 yoshgacha qizlar o‘rtasida Jahon chempionati kumush medal sohibi, 2014 yilda 14 yoshida Osiyoning eng yaxshi shaxmatchi qizi degan unvonga ega bo‘lgan. Moliyaviy imkoniyatimiz cheklangani uchun ham qizimga kerakli e’tiborni berolmadim.
Asosiy e’tiborni Nodirbekka qaratdik. Qizimga ham Nodirbekka berilgan e’tibor bo‘lib, alohida murabbiyga borib, musobaqalarda qatnashganida, balki u ham grossmeyster bo‘lardi. Shunda ham Xalqaro shaxmat ustasi, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, bir qancha chempionatlarda qatnashgan. Bugungi kunda murabbiy sifatida faoliyat olib boryapti”, deydi chempionlarning otasi.
U so‘zida davom etarkan, farzandlari uchun igna bilan quduq qaziyotgan, Jahon chempioni bo‘lgach, ortidan davlat amaldorlari rahmat eshitadigan bolalarning ota-onalari chekayotgan zahmatlarni tilga oldi:
“Bugun bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlangan. Viloyatlardan keladigan ota-onalarga juda qiyin. Biz Toshkentda ishlaganimiz sababli bu jarayon ancha oson bo‘lgan. Viloyatlarda iqtidorli bolalar juda ham ko‘p. Ularga kerakli shart-sharoitlar yo‘qligi, ota-onalarda moliyaviy qiyinchiliklar borligi ularni imkoniyatini cheklayapti”.
Farzagdini Jahon chempioni darajasigacha olib chiqqan ota o‘zidan o‘tgan alamlarga ham to‘xtaldi.
“Federatsiya tizimni o‘zgartirishi kerak. Federatsiya hisobida milliardlab mablag‘ bor ekan, bizga aytilmagan. Borib murojaat qilganimizda ham aytarli javob berilmagan. Hozirgacha Jahon chempioni bo‘la turib ham trenerga o‘zimni cho‘ntagimdan pul to‘layman. Boshqa davlatlarda bunaqa narsa bo‘lmasa kerak.
Bu menga alamli. Shaxmat ferderatsiyasining oxirgi besh yillik moliyaviy faoliyatini tekshirib, pullar qayerga va qanday maqsadda sarflanganini aniqlab, maqsadsiz sarflangan bo‘lsa davlatni pulini joyiga qaytarilib kerakli maqsadda sarflanishini ta’minlashlarni talab qilaman”, deydi Fazliddin Ochilov.
Uning qayd etishicha, Shaxmat federatsiyasida ijroiya qo‘mitasida shaxmatni tushunmaydiganlar ishlayapti.
“2017 yilda Nodirbekni oyisini chaqirib, “shaxmatni tushunmaysiz”, “murabbiyga halal berasiz” deb aytishgan. O‘sha odamlar hozirgacha faoliyat yuritmoqda. Ijroiya qo‘mitasi tarkibini qayta tuzishda ota-onalar va murabbiylar bilan maslahat qilish kerak. Ijro qo‘mitasi hozirgi mablag‘larni ham nazorat qilish kerak. Bo‘lmasa Federatsiya hisobiga o‘tkazilgan pullar ham qayergadir ketib qoladi va eski hammom eski tos bo‘ladi”, deydi chempionlarning otasi.
LiveBarchasi