Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi o‘z missiyasini yakunladi

Jamiyat

image

Ukrainaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko Toshkentdagi diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.  

Qayd etilishicha, Doroshenko va Saidov O‘zbekiston TIV binosida uchrashuv o‘tkazgan. 

“Mamlakatimizda o‘z faoliyatini yakunlagan Ukrainaning Favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko janoblarini TIVda qabul qildik”, deya yozgan Saidov. 

Uchrashuvda ikki va ko‘p tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha batafsil fikr almashilgan. O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida savdo hajmidagi kuchli ijobiy dinamika alohida qayd etilgan. 

Shuningdek, Saidov elchiga minnatdorlik bildirib, kuning kelsusi faoliyatiga omad tilagan. 

“Yillar davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni boyitish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun elchi janoblariga minnatdorlik bildiramiz va yangi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”, deya yozgan TIV rahbari. 

Ma’lumot uchun, Mikola Doroshenko 2020 yil iyuldan beri Ukriananing O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlab kelayotgandi. U 2020 yil 1 iyul kuni O‘zbekistonning o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ishonch yorliqlari nusxalarini taqdim qilgan. 2020 yilning 16 oktyabr kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari qatorida Doroshenko ham Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirgan. Uning elchiligi davrida O‘zbekiston bir necha bor Ukrainaga insonparvarlik yordami jo‘natdi va ukrainalik bolalar yoz oylarida O‘zbekistondagi lagerlarda dam oldi.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Doroshenkoning o‘zi ham Facebook sahifasida O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlayotgani haqida yozgandi. Elchi hamkorligi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun barchaga minnatdorlik bildirgan, o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlash va yordam uchun turmush o‘rtorg‘i Natalya Doroshenkoga alohida rahmat aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina elchi Mikola Doroshenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing