Ukrainaning kassetali o‘q-dorilardan foydalanishi adolatli – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina o‘z tuprog‘ida kassetali o‘q-dorilardan foydalanishi adolatli bo‘ladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 18 iyul kuni afrikalik jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Ha, jang maydonida, o‘z tuprog‘imizda dushman bizga qarshi kassetali o‘q-dorilarni ishlatsa, biz ham ularga qarshi xuddi shu quroldan foydalanamiz. Bu adolatli”, degan Ukraina rahbari.

Zelenskiy Kiyev Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaga qarshi to‘qqiz yillik harbiy harakatlaridan so‘ng, 2023 yilda kassetali o‘q-dorilar olganini ta’kidlagan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina to‘qqiz yil avval Rossiyaga “aholiga qarshi” kassetali o‘qlardan foydalanishni taqiqlash uchun dunyo bilan gaplasha boshlagan.

“To‘qqiz yil o‘tdi. Ular bunday qurollarni ishlatdi va hali ham foydalanmoqda. Bizga endi kassetali o‘q-dorilar berishdi. Ukraina Rossiya hududida kassetali o‘q-dorilarni qo‘llagani haqidagi dalillar qayerda? Bunday dalil yo‘q”, degan Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, kassetali o‘q-dorilar turli maqsadlar uchun (tankga, piyodalarga va boshqalarga qarshi) ko‘p miqdorda portlovchi o‘q-dorilar bilan yuklangan zaryadlar bo‘lib, ular bombalar, artilleriya snaryadlari va raketa kallaklari ko‘rinishida ko‘plab mamlakatlar armiyalarida ishlatiladi. 2010 yil 1 avgustda kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirgan. Uni 123 davlat imzolagan, shulardan 110 tasi ratifikatsiya qilingan. Mazkur konvensiya bilan davlatlar hech qachon, hech qanday sharoitda bunday o‘q-dorilarni ishlab chiqarmaslik, foydalanmaslik va hech kimga bermaslikka kelishilgan. Chunki, bunday qurollardan foydalanish tinch aholi uchun uzoq muddatli xavf tug‘diradi. Biroq AQSH, Rossiya, Ukraina kabi davlatlar bu konvensiyani imzolamagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga kassetali o‘q-dorilarni yetkazib berishga qaror qilganini aytgandi. Shuningdek, u Kiyev Vashingtonga tinch aholiga minimal tahdid bilan Amerika kassetali o‘q-dorilarini qo‘llash bo‘yicha yozma kafolatlar berganini ma’lum qilgan. Biroq Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSHning bu qaroriga qarshi chiqdi. 

Bunga qaramasdan, AQSH Prezidenti Jo Bayden 8 iyul kuni kassetali snaryadlarni yetkazib berish qarorini Ukrainada o‘q-dorilar tugab borayotgani va Qo‘shma Shtatlarda ularning zaxiralari tezda to‘ldirish uchun yetarli emasligi bilan izohladi. 14 iyulda AQSH Mudofaa vazirligi esa Ukraina allaqachon Vashingtondan kassetali o‘q-dorilar olganini tasdiqladi. Bunga javoban Prezident Vladimir Putin Rossiya kassetali o‘q-dorilardan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina Zelenskiy kassetali o'q-dorilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing