Ukrainani tark etganlar soni to‘rt milliondan oshdi
Olam
−
01 aprel 2022
3369Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri 4 million 101 ming 951 nafar tinch aholi mamlakat chegarasini kesib o‘tib, qo‘shni davlatlardan panoh topgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi malum qildi.
Qayd etilishicha, 24 fevraldan beri 2 384 814 nafar ukrainalik Polsha, 623 627 nafari Ruminiya, 390 187 nafari Moldova, 374 535 nafari Vengriya, 350 632 nafari Rossiya, 292 039 nafari Slovakiya, 11 821 nafari Belarus chegaralarini kesib o‘tgan. Bundan tashqari, 18-23 fevral kunlari Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlaridan 113 ming kishi Rossiyaga qochgan.
Shuningdek, 24 fevraldan 30 martgacha Ukrainada 1232 tinch aholi halok bo‘lgan, yana 1935 nafari yaralangan. Halok bo‘lganlar orasida – 250 nafar erkak, 176 nafar ayol, 18 nafar qiz va 36 nafar o‘g‘il bola bor. 58 bola va 694 kattalarning jinsi hali aniqlanmagan.
Avvalroq, Ukrainada urush boshlanganidan buyon 153 nafar bola halok bo‘lgani va 245 nafardan ortig‘i jarohat olgani haqida xabar bergan edik.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi