Ukrainalik jurnalist Rossiyada asirlikda vafot etdi
Olam
−
12 Oktabr
6937Ukrainaning “Hromadske” nashri jurnalisti, “Ukrainskaya pravda” gazetasining mustaqil yozuvchisi 27 yoshli jurnalist Viktoriya Roshina Rossiyada hibsxonada vafot etdi. Oliy Radaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Dmitriy Lubinets uning o‘limi haqidagi tasdiqni Rossiyaning Harbiy asirlar bilan muomala qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab spikeri Pyotr Yasenkodan olganini ma’lum qildi.
“Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etilgan ukrainalik jurnalist Viktoriya Roshinaning o‘limi haqida Rossiya tomonining rasmiy hujjatli tasdiqlovi bor. Viktoriyaning oila a’zolari va do‘stlariga hamdardlik bildiraman”, deb yozgan Lubinets o‘zining Telegram-kanalida.
Ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist 2023 yil avgustida Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida g‘oyib bo‘lgan. Ukraina ommaviy axborot vositalari avvalroq u bosib olingan hududlarda reportaj tayyorlayotgani haqida yozgan edi. O‘sha yilning sentyabr oyida uning qarindoshlari qidiruv e’lon qilgan va Ombudsman idorasiga ham xabar berilgan.
2024 yil may oyida Rossiya rasmiylari jurnalist hibsga olingani va Rossiya hududida bo‘lganini birinchi marta tan oldi. Rossiya Mudofaa vazirligi uning otasi Vladimir Roshinga tasdiq xati yubordi. O‘shanda Roshinaning hibsga olinganini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ham tasdiqlagandi.
“Yana bir bor, Rossiya zindonlarida bo‘lganligi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan odam rus asirligida vafot etdi! Biroq nima uchun yosh ayol Rossiyada asirlikda vafot etgani noma’lum. Men BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasini Rossiya tomonidan noqonuniy hibsga olingan fuqaroning o‘limini qayd etish uchun xabardor qildim”, deya qo‘shimcha qilgan Ombudsman.
Avvalroq Ukrainaning “Grati” nashri ham Rossiya Mudofaa vazirligi jurnalistning otasi – Roshinning 2024 yil 28 avgustdagi murojaatiga javoban vafot etganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.
“Bugun Rossiya Mudofaa vazirligi 2024 yil 2 oktyabrdagi elektron pochta xabarini yubordi. Qisqa xabarda jurnalistning vafot etgan sanasi – 2024 yil 19 sentyabr, shuningdek, uning jasadi ushlangan shaxslarning jasadlarini almashish doirasida Ukraina tomoniga qaytarilishi ko‘rsatilgan. O‘lim holatlari va sabablari haqida ma’lumot berilmagan”, deya yozgan edi “Grati”.
OAVning yozishicha, Roshina Taganrogdan Moskvaga o‘tish paytida vafot etgan. U 6 oktyabr kuni 28 yoshga to‘lgan bo‘lardi.
Ma’lumot uchun, Roshina Ukrainaning sharqi va janubidagi harbiy amaliyotlar haqida materiallar tayyorlagan va Zaporoje viloyatining Berdyansk shahridagi voqealarni yoritgan, u yerda 2022 yil mart oyida uni fuqarolik kiyimidagi odamlar (Rossiya FQB xodimlari) hibsga olgan. 10 kundan keyin u ozod qilindi. Shundan so‘ng rossiyaparast Telegram kanallarida Roshina Rossiya uni o‘g‘irlamagani, aksincha, uning hayotini saqlab qolgani, buning uchun kadrdagi ayol Moskvaga minnatdorlik bildirayotganini aytgan video tarqala boshladi. Ayrim ekspertlarning fikricha, yozuv bosim ostida qilingan. Rasmiy ravishda Rossiya rasmiylari Roshina bilan sodir bo‘layotgan voqealarga izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada josuslikda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovich joriy yilning 1 avgust kuni mahbuslar almashinuvi doirasida AQSHga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi
06 noyabr