Ukrainalik qochqinlar Yevropada urush tugaganidan keyin ham qolishi mumkin – Yevrokomissiya
Olam
−
26 noyabr 2022
5319Yevrokomissiya (YeK) vitse-prezidenti, demokratiya va demografiya uchun mas’ul Dubravka Shuysa ukrainalik qochqinlar urush tugaganidan keyin ham uzoq yillar Yevropada qolishi va qochqinlarni qabul qilayotgan mamlakatlar bunga tayyor bo‘lishi kerak, degan fikrni bildirdi. U bu haqda Germaniyaning RND nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Muammo shundaki, qochqin oilalar urush tugagan kunning ertasigayoq uyga qaytamiz, deb o‘ylayapti. Aslida esa hammasi boshqacharoq. Sababi ularning uylari, maktablari va ish joylari vayron bo‘lgan”, deydi Shuysa.
Shunga qaramay, Yevrokomissiya mulozimi Yevropa mamlakatlarini “charchoq alomatlarini ko‘rsatmaslik”ka chaqirdi.
“Biz Yevropa Ittifoqi va a’zo mamlakatlar miqyosida choralar ko‘rishimiz kerak. Qochqinga aylangan ukrainalik bolalar bu yerni o‘z uylaridek his qilishlari lozim”, deydi siyosatchi.
Qolaversa, Yevrokomissiya ukrainalik qochqinlar oqimi mezbon davlat fuqarolariga noqulayliklar tug‘dirayotganini tan olgan.
“Biz bolalar bog‘chalari va maktablardagi raqamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, standartlarimiz tushib ketgani rost. Endi sinfda 15 yoki 20 ta emas, balki 35 ta bola bor. Men sobiq o‘qituvchi sifatida bu muammo ekanini bilaman. Ammo biz birdam bo‘lishimiz kerak, aks holda odamlar o‘z standartlariga qaytishni xohlashadi. Ammo shunday standartlar borki, ularni urush tugaguniga qadar tiklab bo‘lmaydi”, deb qo‘shimcha qildi u.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Ukrainadan 7,9 millionga yaqin odam qochgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir.
Ma’lumot o‘rnida, Dubravka Shuysa esa Yevropa Komissiyasining to‘rtta vitse-prezidentidan biri hisoblanadi.
LiveBarchasi