Ukrainaga yordam berish uchun ajratilgan pul yil oxirigacha tugaydi – Oq uy
Olam
−
04 dekabr 2023
6018Agar AQSH Kongressi Kiyevga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, yil oxirigacha AQSHning Ukrainaga qurol-yarog‘ va texnika sotib olish uchun resurslari tugaydi. Bu haqda bugun, 4 dekabr kuni Oq uyning Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonga yo‘llagan maktubida ma’lum qilindi.
“Ochig‘ini aytmoqchiman: Kongressning choralarisiz yil oxirigacha Ukraina uchun qo‘shimcha qurol va jihozlar sotib olish, shuningdek, AQSH harbiy zaxirasidan jihozlar bilan ta’minlash uchun resurslarimiz tugaydi. Bizda pul ham, vaqt ham tugab bormoqda”, deyiladi Oq uyning boshqaruv va byudjet bo‘limi direktori Shalanda Yangning spiker Jonsonga yuborgan maktubida.
Shalanda Yangning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning qurol-yarog‘ va harbiy jihozlarni yetkazib berishni to‘xtatishi nafaqat Ukraina erishgan muvaffaqiyatlarni xavf ostiga qo‘yadi, balki Rossiya harbiylarining ham g‘alaba qozonish ehtimolini oshiradi.
"AQSH tomonidan berilayotgan yordamning to‘xtashi, Ukraina uchun jiddiy muammolar boshlanishi demakdir. Dunyo bo‘ylab ittifoqchilarimiz ko‘proq harakat qilishgan bo‘lsa-da, AQSHning yordami juda muhim va uni boshqalar takrorlay olmaydi", deydi Oq uy vakili.
Qo‘shimcha qilinishicha, noyabr oyi o‘rtalarida Pentagon olgan 62,3 milliard dollarning 97 foizini Ukrainaga yordam berish uchun ishlatgan.
Qayd etish joizki, oktyabr oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongressga Ukraina, Isroil va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi operatsiyalarni favqulodda moliyalashtirish uchun 106 milliard dollar so‘rov yuborgan. Biroq qonunchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisha olmadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga borgan va uning tashrifi davomida Pentagonning Kiyev uchun 100 million dollarlik yangi yordam paketi e’lon qilingandi.
LiveBarchasi