Ukrainaga yana Leopard tanklari yuborilmoqda
Olam
−
20 aprel 2023 6094 2 daqiqa
Daniya va Niderlandiya birgalikda 14 ta Leopard 2 tankini Ukrainaga topshiradi. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni Daniya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Niderlandiya va Daniya Germaniya bilan kamida 100 ta Leopard 1A5 tankini yetkazib berish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilgandan so‘ng 14 ta Leopard 2A4 tankini birgalikda sotib olish, ta’mirlash va Ukrainaga topshirish niyatini bugun e’lon qildi. Leopard 2 tanklari Ukrainaga 2024 yil boshidan yetkazib beriladi. Bu Ukraina oldidagi uzoq muddatli majburiyatimizning bir qismidir. Taxminan 165 million yevro miqdoridagi tanklarni o‘tkazish mamlakatlarimiz o‘rtasida teng taqsimlanadi. Shunday qilib, biz ko‘plab hamkorlar va ittifoqchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Leopard koalitsiyasida” birgalikda ishtirok etamiz”, deyiladi Daniya va Niderlandiya qo‘shma bayonotida.
Manbaga ko‘ra, Daniya Tashqi siyosat bo‘yicha kengashi Vazirlar Mahkamasi qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Mamlakat Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Troels Lund Poulsen esa ertaga, 21 aprel kuni Ramshteyn havo bazasi Ukraina Mudofaa aloqa guruhi tarkibiga kiruvchi 50 mamlakatdan kelgan mavqedoshlariga bu haqda axborot berishi kutilmoqda.
“Tinch va xavfsiz Yevropaga umid qilish uchun ukrainaliklarning yakka o‘zi jang qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur”, deydi Mudofaa vaziri v.b. Lund Poulsen.
Aytilishicha, xarajatlarning Daniya zimmasiga yuklatilgan qismi “Ukraina jamg‘armasi” hisobidan moliyalashtiriladi. Folketing (parlament) a’zolarining mutlaq ko‘pchiligi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida Daniya hukumati Germaniya va Niderlandiya bilan Ukraina Qurolli kuchlariga kamida 100 ta Leopard 1A5 tanklarini topshirish bo‘yicha hamkorlikni boshlagan. Tanklarning birinchi partiyasi kelgusi haftalarda jo‘natishga tayyor bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukrainaga Germaniyadan Leopard 2 tanklari yetib kelgandi. Shu yilning 24 fevralida esa Polshadan Ukrainaga Germaniyada ishlab chiqarilgan tanklarning birinchi partiyasi yuborildi. Kanada ham fevral oyi boshida Ukrainaga birinchi Leopard 2 tankini jo‘natgan. Bundan tashqari, Ispaniya ham Ukrainaga 6 ta Leopard 2A4 tanklarini berishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi