Azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘lar. Yevropa urush changalidagi Ukraina donini qutqarmoqchi

Tahlil

image

Yevrokomissiya Rossiyaning Qora dengizdagi portlarni blokada qilishi sharoitida Ukrainaga don eksport qilish hamda yoqilg‘i import qilishda yordam berishi kerak bo‘lgan harakatlar rejasini taklif qildi.

Ukraina kungaboqar yog‘i, arpa, makkajo‘xori va bug‘doy kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi. Biroq, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan uni tashishning asosiy yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Chunki eksportning qariyb 90 foizi Qora dengizdagi portlar orqali o‘tardi.

Ukraina uchun g‘alla sotish juda muhim, chunki u eksportdan keladigan daromadning 20 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, Ukraina doni boshqa mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham zarur. Uni eksport qilishga yordam berish uchun Yevropa Komissiyasi Ukrainadan yuk tashishga yordam beradigan chora-tadbirlar paketini tasdiqladi. Kecha, 12 may kuni uni Bryusselda transport bo‘yicha Yevropa komissari Adina Valyan taqdim etdi.

Ukraina 20 million tonna don eksport qilishi kerak

Yevropa komissarining aytishicha, hozir Ukrainada 40 million tonnaga yaqin don saqlanmoqda, ularning yarmi iyul oxirigacha eksport qilinishi zarur. Komissar o‘tgan haftada 70 ming tonna Ukraina g‘allasi orttilgan kema Ruminiyaning Konstansa shahridan jo‘nab ketganini misol qilarkan, uni Ruminiya portiga yetkazish uchun 49 ta barja va poyezd kerak bo‘lganini ta’kidladi.

“Agar hammasini hisoblasak, 20 million tonna donni tashish uchun hayratlanarli 10 000 barja va 300 ga yaqin yirik kemalar kerakligini ko‘ramiz. Demak, oldimizda turgan vazifa juda ham katta”, deydi Valyan.

Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi transport birdamlik yo‘laklari bo‘yicha Yevropa komissiyasi tomonidan qabul qilingan reja 20 ta chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

“Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqi transport operatorlari yoki Ukraina don sotuvchilari o‘rnini bosa olmaydi, lekin biz qila oladigan narsa birinchisini ikkinchisi bilan bog‘lash va Ukraina chegaralari hamda Yevropa Ittifoqi portlari o‘rtasida yangi aloqalarni rivojlantirishga yordam berishdir”, deydi transport bo‘yicha Yevropa komissari.

Rejaning chora-tadbirlaridan biri shundaki, Yevropa Komissiyasi Ukraina vazirliklari, boshqa organlari hamda eksportchilarni transport kompaniyalari bilan bog‘lanishlari mumkin bo‘lgan platforma yaratish ustida ishlamoqda. Va har bir Yevropa Ittifoqi davlatiga logistika muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanadigan aloqa nuqtasini yaratish tavsiya etildi.

Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi transport aloqalaridagi muammolar

Yevropa Komissiyasi, shuningdek, logistika sohasidagi zaif tomonlarni, xususan, temir yo‘l aloqasidagi qiyinchiliklarni ham baholadi. Polsha va Ruminiya bilan chegaraning Ukraina tomonida minglab vagon donlar kutib turgani, ularning chegarada kutish vaqti o‘rtacha 16 kun, ayrim hollarda esa bir oyni tashkil qilayotganligini ma’lum qildi.

Asosiy muammolardan biri, bu Ukraina va Yevropa temir yo‘llari o‘rtasidagi yo‘l kengligining farqidadir. Shuning uchun, chegara orqali tashishga vagonlarni g‘ildirakli aravalarga almashtirish yoki Ukraina vagonlaridan Yevropa vagonlariga qayta yuklash lozim. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, buning uchun hozirgi quvvat zarur bo‘lganidan ancha kam. Shuning uchun Bryussel rasmiylari kompaniyalardan mobil don yuklagichlar ajratish yoki ishlab chiqarishni so‘ramoqda. Yana bir variant – donni konteynerlarda tashish, chunki ular Ukraina temir yo‘l platformalaridan Yevropaga kranlar orqali tezda qayta yuklanishi mumkin.

Yuk mashinalari uchun kutish vaqti ko‘pincha 12 soatdan oshadi. Biroq, bu yerda boshqa ko‘plab muammolar mavjud, masalan, yuk mashinalari va haydovchilarning yetishmasligi.

Byurokratiya ham kechikishlarga sabab bo‘lmoqda. Hozirda chegara, xususan, fitosanitariya, tekshiruvlar bir necha kun davom etishi mumkin. Shu sababli, Yevropa Komissiyasi faqat tanlab nazoratni amalga oshirish va uni soddalashtirishni, shuningdek, buni amalga oshirish uchun haftada yetti kun tunu-kun mavjud xodimlar bilan ta’minlashni so‘ramoqda.

Harakat rejasi xalqaro moliya institutlari va kredit agentliklarini Yevropa Ittifoqidan kelayotgan transport kompaniyalariga o‘z vagonlari, yuk mashinalari yoki barjalarini Ukrainaga jo‘natishdan qo‘rqmasliklari uchun qo‘shimcha kafolatlar berishga chaqiradi. Shuningdek, Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi Kengashidan Kiyev bilan avtomobil transportini liberallashtirish bo‘yicha kelishuv tuzish uchun mandat kutmoqda.

“Yevropa komissiyasi Ukraina qishloq xo‘jaligi eksportiga ustuvor ahamiyat berishga chaqiradi”, deyiladi harakatlar rejasida.

Muqobil yo‘llarni topish Ukrainaga gumanitar yordam, yoqilg‘i yoki o‘g‘it yetkazib berishga yordam beradi.

Yevropa temir yo‘lining Ukrainaga kengayishi

Ushbu favqulodda choralar Ukrainaga qancha don eksport qilish imkonini beradi? Bu haqda so‘ralganida, Valyan faqatgina Yevropa komissiyasi hisob-kitob qilganini ma’lum qilib, hech qanday raqam keltirmadi. Shuningdek, u Ukraina mahsulotlarini avval Yevropa Ittifoqiga tashish va u yerdan Afrika, Yaqin Sharq yoki Xitoyga jo‘natish qanchalik qimmatga tushishini ham ochiqlamadi. Ammo u barcha imkoniyatlardan (temir yo‘llar, avtomobillar va daryolar) foydalanish kerakligini ta’kidladi.

Yevropa komissiyasi, shuningdek, doimiy ravishda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqasini yaxshilash bo‘yicha uzoq muddatli choralarni taklif qildi. Misol uchun, Bryusselda Reyn-Dunay yo‘lagining harakatlanishini yaxshilashni xohlashadi. YeI shuningdek, Yevropa temir yo‘llarini Ukraina va Moldovaga yetkazish imkoniyatini baholamoqda. Bundan tashqari, Yevrokomissiya Trans-Yevropa transport tarmog‘i TEN-T xaritalarini qayta ko‘rib chiqish uchun Kiyev bilan kelishuvga rozilik berdi. Bu Ukraina va YeI o‘rtasidagi asosiy transport yo‘laklarini rivojlantirishi kutilayotgan ustuvor loyihalardir.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ukraina don eksport

Baholaganlar

236

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing