Ukrainadan 8 nafar uchuvchi F-16 da uchishga o‘rgatish uchun tanlandi – “Politico” 

Olam

image

Ukrainalik sakkiz nafar uchuvchilar guruhi Amerikaning F-16 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlaridan foydalanishga o‘qitish bo‘yicha G‘arb dasturida ishtirok etish uchun tanlab olindi. Bu haqda kecha, 4 avgust kuni “Politico” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, F-16’dan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadigan ukrainalik uchuvchilarning birinchi guruhi aniqlangan. Biroq mashg‘ulotlarning boshlanish sanasi hali belgilanmagan.

Manbaga ko‘ra, ingliz tilini yaxshi biladigan sakkiz ukrainalik uchuvchi samolyotlardan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarga kirishishga tayyor. AQSH rasmiy manbasining ta’kidlashicha, ingliz tilini qaysidir darajada biladigan yana 20 nafar harbiy shu oyning boshida Buyuk Britaniyada til kurslarida o‘qishi mumkin. 

Aytilishicha, o‘quv dasturida ishtirok etish uchun ikkita eskadrilya uchun yetarli bo‘lgan jami 32 nafar ukrainalik uchuvchi tanlangan, biroq ingliz tilini bilish muammoligicha qolmoqda. 

Mashg‘ulotlarning katta qismi Daniya va Ruminiyada o‘tishi aytilyapti. AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati hali ham Yevropadagi ittifoqchilaridan tayyorgarlik bo‘yicha rasmiy taklif kutmoqda. Ukraina rasmiylari esa F-16’ni Rossiya suveren hududi ustidan parvozlar va ob’ektlarni bombardimon qilish uchun ishlatmaslikka va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyul kuni Litva poytaxti Vilnyusda yakunlangan NATO sammitida ukrainalik uchuvchilarni G‘arb qiruvchi samolyotlarida parvoz qilishga o‘rgatish bo‘yicha memorandum imzolangandi. Unda Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Shvetsiya va Kanada ishtirok etishga rozi bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina F-16

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing