Ukrainadagi urushda qatnashgan yana bir o‘zbekistonlik qamaldi
3-sahifa
−
18 Oktabr 2025 5287 3 daqiqa
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Jizzax viloyatida Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudi Rossiya qo‘shini tarkibida Ukrainaga qarshi janglarda qatnashgan erkak qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 40 yoshli sudlanuvchi B.M. ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Moddiy manfaatdorlik sabab Samara viloyatining Tolyatti tumanida joylashgan harbiy qism bilan harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma tuzib, 2023 yil 10 iyuldan 2024 yil 11 iyulgacha oddiy askar unvonida Ukrainaning vaqtincha bosib olingan Lugansk va Donetsk viloyatlari hududida Rossiya Qurolli kuchlari safida qurolli to‘qnashuv va harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
Shundan so‘ng, B.M. shaxsiga oid ma’lumotlarni va Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etganini yashirish maqsadida Baxmal tumani IIB tomonidan berilgan chet elga chiqish biometrik pasportining ichki varaqlarini yirtib tashlagan. “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasida ko‘rsatilgan talablarga zid ravishda, ichki ishlar organlari hamda O‘zbekiston elchixonasiga O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish bo‘yicha murojaat qilmasdan, Rossiya fuqaroligini olgan.
U birinchi yarim yillikda har oy 43 ming 500 rubl, keyingi yarim yillikda esa 210 ming rubldan oylik maosh olgan. Ishlab topgan pullariga Kaluga viloyati Duminichi tumanida 2 xonali xonadon sotib olgan, so‘ng 2024 yilning iyulidan 2025 yil fevraligacha Moskvadagi qurilish ishlarida ishlagan.
Sudda u o‘ziga qo‘yilgan ayblovga to‘liq iqrorligini aytgan. Qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi haqida ko‘rsatma bergan sudlanuvchi bu ishlarni oilaviy sharoiti og‘irligi va pulga muhtojligi sababli qilganini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.
U Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Qayd etish joiz, bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik fuqarolarning Ukrainaga qarshi urushga birincha marta yollanishi emas. Ukrainadagi urushda o‘zbekistonliklarning soni anchagina ko‘pligi haqida tez-tez xabarlar yangrab turadi. Masalan, oldinroq Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi. Ayrim nashrlarga ko‘ra, ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi yollanishda ham o‘zbekistonliklar birinchilar safida. O‘zbekistonliklar Rossiya tomonida harakat qilayotganini hattoki Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ham tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro Rossiyaga ishlash maqsadida borib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingandi. Qolaversa, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani hamda o‘z uyida giyohvandlik moddasi yetishtirgani uchun 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.