Rossiya armiyasiga yollangan namanganlik “Ded” qamaldi
3-sahifa
−
10 Oktabr 13811 4 daqiqa
2023 yilda Rossiya armiyasiga shartnoma asosida yollangan namanganlik 55 yoshli erkak R.K. 2 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatga ko‘ra, erkak 2023 yilning may oyida Qirg‘iziston orqali Rossiya Federatsiyasiga mavsumiy ishlash maqsadida borgan. U Rossiyada biroz muddat ishlaganidan so‘ng, mamlakat Federal migratsiya xizmati (FMX) idorasiga patent olish uchun murojaat qilgan. Lekin FMX xodimlari unga patent berilmasligini, biroq Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolasa, unga Rossiya fuqaroligi berilishini hamda mamlakat hududida ishlashi mumkinligini aytgan.
Shundan so‘ng, R.K. 2023 yil iyun oyida Rossiya Mudofaa Vazirligi bilan Ukrainaga qarshi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etish maqsadida o‘z hoxishiga ko‘ra bir yillik shartnoma imzolagan. U Rossiya Qurolli kuchlari safida “mashinist mexanik” bo‘lib, shartli “Ded” “pozivnoy”i ostida xizmat qilgan. R.K. Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun 700 ming rubl miqdorida bir martalik mukofot puli va har oy o‘rtacha 150-200 ming rubl (25-30 mln so‘m) miqdorda oylik maosh olib kelgan. U Ukraina bilan chegaradagi Belgorod shahridagi Rossiya armiyasiga qarashli 02511-sonli harbiy qismda urush maqsadlarida foydalaniladigan harbiy transport vositalarini texnik ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan. 2024 yilning may oylarida R.K. sog‘lig‘idagi jiddiy o‘zgarishlar tufayli xizmatdan ozod etilgan va 2024 yilning iyun oyi oxirlarida O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Joriy yilning 11 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda R.K. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2023 yilning may oyida Sankt-Peterburg shahridagi FMX idorasiga patent olish maqsadida borganida, unga avval Rossiyada xuquqbuzarliklar sodir etgani uchun patent berilmasligini aytishgan. Shundan so‘ng, R.K. ga Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzish taklifi berilgan va erkak bunga rozi bo‘lgan. Dastlab, u shartnoma tuzish uchun ariza berganida faqat 50 yoshgacha bo‘lganlar bilan shartnoma tuzilishi aytilgan, biroq keyinroq front orti xizmati uchun kamida 1 yillik shartnoma imzolash taklifi berilgan. Erkak bunga rozi bo‘lgan va hujjatlar rasmiylashtirilganidan keyin unga 700 ming rubl mukofot puli berilgan.
R.K. ning aytishicha, 2023 yilning iyul-avgust oylarida u Sankt-Peterburg shahridagi Maxsus harbiy bazadan harbiy xizmatchilar to‘planishini kutib yurgan. Rossiya Mudofa vazirligi bilan shartnoma imzolagan yollangan harbiy xizmatchilar to‘plangandan so‘ng, ularni yoshga qarab saralash ishlari olib borilgan. So‘ngra, 2023 yilning sentyabr oylarida Belgorad shahridagi harbiy qismga yuborishgan. U yerda R.K. “xaydovchi-mexanik” sifatida xizmat qilgan. Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilishi mobaynida unga 2000 AQSH dollar miqdorda oylik maosh to‘langan. Ushbu pullar uning nomidan turmush o‘rtog‘i Yu.N. nomiga tushgan. 2024 yilning aprel oyining o‘rtalarida sog‘lig‘ida o‘zgarishlar tufayli R.K. Belgorad shahridagi ko‘p tarmoqli harbiy poliklinikaga murojaat qilgan, biroq u yerda maxsus shifokor bo‘lmagani sababli uni Sankt-Peterburg shahridagi harbiy Akademiya qoshidagi harbiy gospitalga yo‘llanma orqali jo‘natishgan. R.K. harbiy gospitalda 1 oy davomida “yurak ishemik” tashhisi bilan davolangan, so‘ngra sog‘lig‘ini tiklash maqsadida 2024 yilning iyun oyida “Sankt-Peterburg – Toshkent” yo‘nalishi orqali avtobusda O‘zbekistonga – yashash manziliga qaytib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, R.K. Ukraina hukumati tomonidan “Xochu jit” nomli Telegram-kanalda e’lon qilingan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan 1100 nafar o‘zbekistonlik shaxslar ro‘yhatida bo‘lgan. U mazkur ro‘yhatning 392-qayd raqamida MT-891289 shaxsiy raqami bilan bilan keltirilgan.
Sud hukmi bilan R.K. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashovchi 25 yoshli yigit Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi.
Live
Barchasi