“Vagner” majburan urushga olib ketgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro Rossiyaga ishlash maqsadida borib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Sud materiallariga ko‘ra, 2000 yilda Angren shahrida tug‘ilgan fuqaro ishga joylashish maqsadida mahalla binosiga boradi. U yerdan esa mahalla mas’ullaridan biri fuqaroni mehnat birjasiga yo‘naltiradi. Birjada unga chet elga ishlash taklifi beriladi va fuqaro bunga rozi bo‘ladi. 

2021 yilda ishlab pul topish maqsadida u Rossiyaning Samara viloyatiga borgan. U yerga borganidan so‘ng, ish beruvchilar registratsiya qilish kerakligigini aytadi va ushbu amaliyot uchun 8 ming rubl pul so‘rashadi. U puli yo‘qligini, oylik maosh olmaganini aytgach, ish beruvchilar “pullaring bo‘lmasa, tekinga bir hafta ishlab berasanlar” deb aytadi va u bu taklifga rozi bo‘ladi. U Samarada kurer sifatida faoliyat yuritadi. Bir kuni ishxonasidan aytilgan buyurtmani olib ketayotgan paytida, uni politsiya xodimlari to‘xtatadi va fuqaroning yonidan “geroin” giyohvandlik moddasi topiladi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston fuqarosi giyohvandlik moddasi uniki ekanini tan olmasa-da, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. 

O‘zbekistonlik yigit Samaradagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tash davrida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga yollanadi. U 6 oy davomida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan. Ukraina tomonidan otilgan minomyot portlashida chap oyog‘ining boldir qismi orqasiga parcha tegib jarohat olgan va shifoxonaga tushgan.

Xizmat muddati tugagandan so‘ng unga Rossiya fuqaroligi, pul mukofoti va 3 ta medal berilgan. U 2024 yilning oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Ayblanuvchining suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, uni “Vagner” xodimlari urushga majburan olib ketgan. Fuqaro O‘zbekistonga qaytib kelgach, mas’ul xodimlar tomonidan uning qo‘l telefoni tekshiriladi va telefondan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etganini tasdiqlovchi foto va videolar topiladi. 

Sud hukmi bilan fuqaro Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan hamda unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani hamda o‘z uyida giyohvandlik moddasi yetishtirgani uchun 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vagner

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing