Ukrainadagi urushda qatnashgan samarqandlik yigitga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
21 aprel 7363 2 daqiqa
Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashgan samarqandlik 25 yoshli yigitning ozodligi 5 yilga cheklandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, G‘.F. 2021 yil iyun oyida ishlash maqsadida Moskva shahriga borgan. U Rossiyada ishlashi davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyati uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni Chelyabinsk viloyatidagi qattiq tartibli koloniyada o‘tagan.
G‘.F. jazoni o‘tashi davomida ozod bo‘lish va Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish hamda boshqa moddiy manfaatlarini ko‘zlab, 2025 yil 22 iyul kuni shartnoma tuzib, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga yollangan. U Lugansk shahridagi harbiy poligonda 28-30 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Lugansk viloyatida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Biroq G‘.F. oyog‘idan jarohatlanib, harbiy gospitaldan O‘zbekistonga qochib kelgan.
Joriy yilning 25 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda G‘.F. ko‘rsatma bergan. Sudlanuvchining aytishicha, u haqiqatdan ham 2021 yil iyun oyida ishlash maqsadida Moskvaga borgan va ishlashi davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyati uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Shundan so‘ng u Rossiya armiyasiga yollanib, Luganskdagi janglarda qatnashgan va oyog‘idan jarohat olib, O‘zbekistonga qochib kelgan. Shuningdek, G‘.F. sudda qilmishidan pushaymonligini aytgan va shaxsini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan G‘.F. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topilgan va 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jazoni yashash xonadonida o‘tashi belgilangan hamda ish joyiga borishi va uyiga qaytib kelish uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari, qolgan vaqtda tashqariga chiqish taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasiga yollanib, Ukraina bilan urushda qatnashgan o‘zbekistonlik erkakning ozodligi 3 yil 6 oyga cheklangandi.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel