“Boshiga qop kiydirib, olib ketilgan”. Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik jazolandi
3-sahifa
−
03 Sentabr 17328 3 daqiqa
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashovchi 25 yoshli yigit Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda qayd etilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan, muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilmagan yigit 2023 yilning oktyabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga yo‘l olgan. 2024 yilning dekabr oyida esa u Rossiya tomonidan yollanib, Ukrainadagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan.
Yigit 2025 yilning aprel oyida Donetsk shahrida sodir bo‘lgan snaryad portlashi oqibatida og‘ir jarohatlangan va Sankt-Peterburgdagi shifoxonada davolangan. Shifoxonadan chiqqanidan so‘ng u Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, pasportini yo‘qotganini aytgan. Shu asosda unga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan.
Yigit joriy yilning 24 may kuni Toshkentga qaytgan. Biroq tez orada huquqni muhofaza qiluvchi organlar uning Ukrainadagi qurolli mojarolarda qatnashganini aniqlagan. U Navoiy viloyatiga qaytgach, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, sudga oshirilgan.
Sud majlisida yigit o‘z aybiga iqror bo‘lib, tergovdagi ko‘rsatmalarini tasdiqlagan. U 2023 yilning oktyabrida tanishi bilan Rossiyaga ishlash uchun borganini aytgan. Politsiya ularning hujjatlarini tekshirgach, o‘z xizmat xonasiga olib borgan. Keyinchalik yigitni soxta hujjatlar bilan giyohvand moddalar tashishda ayblab, qamoqqa olishgan. Yigit sudda rus tilini bilmagani bois tarjimon orqali so‘roq qilinganini, tergovchi uni urushga jo‘natish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘yishga majburlaganini, rad javobi bergach esa ruhiy va jismoniy tazyiqlarga uchraganini bildirgan.
U sakkiz oy qamoqda ushlab turilgach sud tomonidan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va jazoni koloniyada o‘tashni boshlagan. U yerda ham unga bosim o‘tkazilib, oxir-oqibat 2024 yilning dekabrida shartnomaga imzo qo‘yishga majbur bo‘lgan. 2025 yil 1 aprel kuni esa qo‘liga kishan solinib, boshiga qop kiydirilgan holda harbiy bo‘linmaga olib ketilgan.
Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi bilan aybdor deb topgan. Sud hukmiga ko‘ra, J.K. 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.
Qayd etish joiz, bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik fuqarolarning Ukrainaga qarshi urushga birincha marta yollanishi emas. Ukrainadagi urushda o‘zbekistonliklarning soni anchagina ko‘pligi haqida tez-tez xabarlar yangrab turadi. Masalan, oldinroq Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi. Ayrim nashrlarga ko‘ra, ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi yollanishda ham o‘zbekistonliklar birinchilar safida. O‘zbekistonliklar Rossiya tomonida harakat qilayotganini hattoki Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ham tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro Rossiyaga ishlash maqsadida borib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingandi. Qolaversa, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani hamda o‘z uyida giyohvandlik moddasi yetishtirgani uchun 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Live
Barchasi